“Yangi yil ertagi” O‘zbekiston davlat konservatoriyasi xalq cholg‘ulari talabalar konsert orkestri ijrosida

“Yangi yil ertagi”  O‘zbekiston davlat konservatoriyasi xalq cholg‘ulari talabalar konsert orkestri ijrosida

Kuni kecha, 16-dekabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida “Orkestr dirijorligi” kafedrasi tomonidan tashkillashtirilganxalq cholg‘ulari talabalar konsert orkestrining “Yangi yil ertagi” nomli konsert dasturi tinglovchilar e’tiboriga havola etildi. Dirijorlik pultida “Orkestr dirijorligi” kafedrasining yosh o‘qituvchisi Abdumajid Karabaev bo‘ldi.

Tinglovchilar M.Tariverdievning “Taqdir hazili” filmi uchun yozilgan “Vals” kuyi ohanglari ostida zalga kirib keldilar. Shundan so‘ng sahnalashtirilgan konsert dasturi ijrosi boshlandi. Ushbu konsertning boshqa konsertlardan farqli jihati, uaniq ssenariyga asoslanib, ijro etilgan asarlarning barchasi sahna ko‘rinishlari bilan boyitilganligidadir. Konsert dasturidandunyo miqyosida mashhur kuy va qo‘shiqlar o‘rin olgan. Deyarli barcha asarlar xalq cholg‘ulari orkestri ijrosida ilk bor yangradi.

Konsert dasturida nafaqat cholg‘u ijrochiligi, balki boshqa janrlar ham namoyish etildi. Misol sifatida P.I.Chaykovskiyning “Draje raqsi”A.Navoiy nomidagi DAKT balerinasi Beatris Xamidullaeva raqsi bilan ijro etildi.Akademik vokal yo‘nalishining 1-bosqich talabasi – Xalqaro tanlovlar g‘olibasi, “Nihol” davlat mukofoti sovrindori Xadicha Imomnazarova ijro etgan “Olimpiya qo‘shig‘i” asari tinglovchilarning davomli olqishlariga sazovor bo‘ldi. Gulshana Xudaynazarova va O‘ktam Shokarimovlar rahbarligidagi R.Glier nomidagi RIMAL xori butun konsert davomida asarlarga jo‘r bo‘lib, o‘z mahoratini namoyish etdi.

Sahnalashtirilgan konsert dasturida Qorbobo rolida sahnaga chiqqan “Xalq cholg‘ulari” bo‘limining talabasi – Xalqaro tanlovlar g‘olibi Sardor Primov hamda Yovuz qirol rolida chiqqan “Akademik xor dirijorligi” bo‘limining talabasi Doston Musaevlarning nafaqat o‘z sohasining mutaxassisligi, balki aktyorlik mahoratini ham yuqori darajada ko‘rsata olganligi tinglovchilar tomonidan alohida e’tirof etildi. Shu bilan birga “Xalq cholg‘ulari” bo‘limining yana bir talabasi – Respublika tanlovlari g‘olibasi Sarvinoz Baxromova ham o‘z ijrosi bilan tinglovchilarni mamnun etdi. Konsertning kulminatsion nuqtasida I.Kalmanning “Heia, in den Bergen” asari A.Navoiy nomidagi DAKT yakkahoni Gulmira Nurmetova tomonidan ijro etilib, tomoshabinlarni zavqqa to‘ldirdi.Konsert dasturi tinglovchilarga manzur kelganligi konsert so‘nggida ularning davomli qarsaklari bilan tasdiqlandi.

Dasturdan o‘rin olgan har bir asar umumiy bir voqeani ochib berish uchun xizmat qildi. Bunda orkestr sozandalariningbor diqqat-e’tiborini jamlab, dirijor bilan muntazam muloqotda bo‘lib, sahna harakatlari va musiqaning uyg‘unligini ta’minlab,har bir asarni o‘z uslubida, yuksak badiiy mahorat bilan ijro etganliklari konsert yutug‘ining asosiy omillaridan biri bo‘ldi.

Xalq cholg‘ulari talabalar orkestrining xisobot konserti sifatida tayyorlangan bu tadbir,ushbu jamoa tarihida ilk marotaba namoyish qilindi. Dasturdan o‘rin olgan asarlar talabalarning musiqiy didini to‘g‘ri shakllantirishda, ularning ijro mahoratini o‘stirishda, tasavvur doirasining kengayishida muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Share

Tavsiya etilgan