Yoshlik parvozi

Yoshlik parvozi

2017 yil 3 avgust kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yurtimiz ijodkor ziyoli vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvi soha rivojida yangi tarixiy davrni boshlab berdi, deyish mumkin. Uchrashuvda milliy madaniyatimiz, adabiyotimiz va san’atimizni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar tanqidiy tahlil qilinib, ularni hal etish yo‘llari, ijodiy uyushmalar va davlat tashkilotlari oldida turgan muhim vazifalar ko‘rsatib berildi. Shuningdek, majlisda yosh iste’dod egalarining salohiyatini yuzaga chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni izchil davom ettirish g‘oyat muhim vazifalardan biri ekanligi alohida qayd etildi.

Bu borada O‘zbekiston davlat konservatoriyasi jamoasi yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash, targ‘ib qilish, rag‘batlantirish uchun harakat qilmoqda. Quyida ana shunday iste’dodlardan biri haqida so‘z yuritmoqchimiz.

Qashqar rubobi cholg‘usi bo‘yicha tahsil olgan Shohrux Abdullaev noyob iste’dodlardan. U Samarqand san’at kollejini tamomlab, 2013 yili O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Xalq cholg‘ulari” bo‘limiga qashqar rubobi bo‘yicha o‘qishga kirdi. Bu yerda mohir ustoz, professor v.b. Bahodir Mirfayozov sinfida tahsil oldi.

O‘qish davrida ijro imkoniyatlarini oshirish ustida tinmay mehnat qildi. Turli janrdagi asarlarni o‘rganib, ijro  repertuarini boyitdi va keng konsert faoliyatini olib borishga erishdi. Mahoratli ijrochi sifatida  shakllandi, to‘plangan tajribalarga tayanib, ijrochilikda muvaffaqiyatli qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Ijrochilik mahorati, soz tutish, jarangli ovoz chiqarish, ovozga shakl berish usullari, kuyning jozibasi va sehrini tinglovchi qalbiga yetkaza olish Shohruh Abdullaevda shakllandi.

Muntazam konsert tadbirlarida ishtirok etib, o‘z mahoratini namoyish qildi va mutaxassislar e’tiboriga tushdi. Konservatoriyadagi barcha tadbirlarda, pedagogik amaliyotda faol ishtirok etib, bilim doirasini kengaytirdi. Asarlarni mustaqil tahlil qilish, talab darajasida talqin etib badiiy ijro malakalariga erishdi. O‘qituvchi tomonidan berilgan vazifalarni to‘la-to‘kis bajarishga harakat qildi va uddaladi. U 2014 yil Davlat Akademik xalq cholg‘ulari orkestriga sozanda sifatida ishga taklif etildi. Orkestrda yakkanavoz sifatida katta janrdagi asarlar, konsertlar ijro etib, el nazariga tushdi. Endi u turli jamoalar – xalq cholg‘ulari orkestri, xalq cholg‘ulari kamer orkestri, simfonik orkestr bilan ham bemalol solist sifatida katta va mohirona asarlarni ijro etdi. Turli nufuzli tanlovlarga ham qatnashib, sovrinli o‘rinlarga sazovor bo‘ldi. Bunda unga ustozi B.Mirpayozov bir tomondan saboq bergan bo‘lsa, ikkinchi tomondan jo‘rnavozlik qilgan Alfiya Usmanova ham yordamini ayamadi. Hamkorlikdagi, bamaslahat qilingan ish albatta, ijobiy natijaga olib keldi. Tabiatan odobli, tengdoshlari orasida hurmatga ega, o‘ziga va atrofidagilarga talabchan bo‘lgan Shohruh Abdullaev bugungi kunda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, orkestr jamoasida sozanda, solist bo‘lib xizmat qilmoqda. Yutuqlari ko‘p. Ijro asarlari ham turli-tuman, klassik kompozitorlar konsertlaridan P.Chaykovskiyning “Konsert (final)”; A. sigankov “Introduksiya va chardash”; X. Xanmamedov “III konsert”ning 2-3 qismlari;  O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboev rahbarligidagi Yoshlar simfonik orkestri bilan Rustam Abdullaevning  “Qashqar rubobi uchun yozilgan Konserti”; Davlat  akademik xalq cholg‘ulari orkestri bilan A.Boboxonovning “Feruza”; N.Rimskiy-Korsakovning “Qovoqari parvozi”; P.Chaykovskiyning skripka va orkestr uchun konsertining  (D-dur) final qismi; Ozarbayjon xalq qo‘shig‘i “Sandan nigaranam”,  Ozarbayjon xalq kuyi “Oy shu’lasida”; klassik kuylarimizdan “Mo‘g‘ulchai Dugoh” va boshqalar o‘rin olgan. Shohruh Abdullaev 2018 yil  Qozon shahrida (Rossiya) o‘tkazilgan “Fonte viva” Xalqaro tanlovida 1-o‘rin va laureatlik darajasiga erishdi. Joriy yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan R.M.Glier nomidagi II xalqaro tanlovda Gran-pri sovriniga sazovor bo‘ldi. Shunday yutuqlardan yana biri “Yosh ijrochilar” Respublika tanlovidagi muvaffaqiyatdir. 2019 yil iyun oyida o‘tkazilgan tanlovda Shohruh Abdullaev o‘zining nozik, mahoratli ijrosi bilan 1-o‘ringa sazovor bo‘ldi. Uni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev ushbu yutuq bilan  tabriklab, laureatlik diplomini tantanali ravishda topshirdi.

Yutuqlar o‘zbek musiqa ijrochiligi yuqori, zamon talabi darajasida ekanligidan dalolat beradi. O‘zbekistonda musiqa ta’limining yutuqlari birgina Shohruh Abdullaev natijalari bilan chegaralanmaydi. Bunday o‘quvchi-yoshlarimiz safi yildan-yilga kengayib bormoqda. Yoshlarimiz hamma vaqt izlanib, ijro mahoratlarini oshirish ustida mehnat qilishdan tolmaydilar. Sh.Abdullaev ham shular qatori o‘z ustida doim ishlaydi, ijro mahoratini tinmay oshirishga harakat qiladi, ijro repertuarini kengaytirishga, yangi asarlarni o‘rganishga intiladi.

Shohruh o‘z ijodini ijrochilik bilan chegaralamaydi. U o‘zi ham ijod qilishga, asarlar yaratishga harakat qiladi. O‘zi faoliyat yuritayotgan “Xalq cholg‘ulari orkestri” uchun asarlar moslashtirish bilan ham shug‘ullanadi. Orkestr tarkibiga moslashtirgan asarlari sifatida G.Xolikovning “Gulchehra”, M.Muxtorov “Yoshlik valsi”, Qambar Guseynli “Pri lunnom svete”, Kamal Ozarbayjon xalq qo‘shig‘i “Sandan nigaranam”, G.Manchini “Lunnaya reka”, T.Kuliev “Darixma”, J.Jaxongirov “Tor va orkestr uchun Konsert”, Ramin Djavadi “Igra prestolov”, P.Chaykovskiy “Skripka va orkestr uchun Konsert” re major final qismi, G.Xanmamedov “Konsert № 4” tor va  simfonik orkestr uchun va boshqalarni ytib o‘tish mumkin.

Shohruh Abdullaevning kelgusida olgan bilimlarini yanada mustahkamlab, o‘ziga o‘xshagan tarbiyali, malakali, bilimli yosh avlod tarbiyasida samarali faoliyat yuritib, mamlakatimizning musiqa san’ati rivojiga salmoqli hissa qo‘shishiga va jahon sahnalarida targ‘ibot qilishiga ishonch bildiramiz. Qashqar rubobida ijro etilgan turli janrdagi asarlar, jumladan, orkestr jo‘rligida ijro etilgan konsertlar ham musiqiy madaniyatimizni boyitishga xizmat qilib kelmoqda. Shu bois, Shoxrux Abdullaevga yana yangi ijodiy parvozlar tilaymiz.

Baxtiyor Azimov, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi

Share