“MUSIQA SAN’ATI MASALALARI – YOSHLAR NIGOHIDA”

“MUSIQA SAN'ATI MASALALARI – YOSHLAR NIGOHIDA”

Yurtimizda musiqa san’atiga katta e’tibor qaratilayotganligi sabab xalqimiz o‘zining milliy kuy-qo‘shiqlari, ularning sehrli ohangidan bahramand bo‘lmoqda. Shu bilan birga musiqa san’atining nazariy jihatlari ham keng o‘rganilmoqda. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professor-o‘qituvchilari o‘rtasida muntazam ravishda o‘tkazilib kelinayotgan ilmiy-nazariy konferensiyalar mavzusi musiqa san’ati sohasi oldida turgan muammolar yechimiga qaratilmoqda.

2019 yil 29 noyabr kuni “Yoshlar Markazida” O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Konservatoriya boshlang‘ich tashkiloti hamda Orient Finance Bank homiyligida “Musiqa san’ati masalalari – yoshlar nigohida” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 iyundagi “Oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-3775-son hamda 2019 yil 11 iyuldagi “Oliy va o‘rta maxsus ta’lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4391-son qarorlariga asosan, shuningdek, yoshlar o‘rtasida ilmiy izlanishga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirish, ularni bu borada qo‘llab-quvvatlash, madaniyat va san’at sohasidagi mavjud muammolarning yechimiga yoshlarning qarashlari va takliflarini o‘rganish, o‘z o‘rnida samarali takliflarni amaliyotga joriy etish maqsadida tashkillashtirildi.

Unda Respublika oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan magistratura va doktorantura bosqichidagi yosh ilmiy izlanuvchilar o‘zlarining musiqa san’ati masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Konferensiyani O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sayyora Akmalovna Gafurova ochib berdi. Tabrik uchun so‘zga chiqqan O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi raisi o‘rinbosari Nargiza Kamalova qatnashchilar va mehmonlarni ushbu tadbir bilan qutlab, anjuman ishiga muvaffaqiyat tiladi.

Ilmiy-anjuman quyidagi sho‘balarga bo‘lib o‘tkazildi:

  1. Sharq-G‘arb: madaniyatlarining o‘ziga xosligi va o‘zaro aloqalar;
  2. Maqom san’ati: o‘tmish va zamon kesimida;

III.  Ijrochilikning dolzarb masalalari;

  1. Zamonaviy pedagogik masalalar va innovatsion texnologiyalar;
  2. Yoshlar tarbiyasida musiqa san’atining ahamiyati.

Ilmiy-amaliy anjuman nihoyatda qizg‘in bahs-munozaralarga boy o‘tdi. Unda yosh ilmiy izlanuvchilarning ma’ruzalari har taraflama muhokama etildi, bir qator tanqidiy fikrlar yangradi. Shuningdek, musiqa san’ati sohasidagi yangiliklar, yangi g‘oya va fikrlar ham katta qiziqish bilan tinglandi. Anjuman so‘ngida S.Gafurova konferensiyaning ahamiyati xususida to‘xtalib, bu kabi tadbirlar magistratura hamda doktoranturada izlanuvchilarga nechog‘lik muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi hamda har oyda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida 3-4 nafar tadqiqotchining ilmiy ishini xuddi shu tarzda muhokama qilishni taklif qildi. Zero, muhokama va ulardagi fikrlar orqali yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlarini yanada izchil, to‘liq va maqsadga muvofiqligi bevosita ko‘rishlari mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida shuni alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edikki, o‘tkazilgan “Musiqa san’ati masalalari – yoshlar nigohida” Respublika ilmiy-amaliy anjumanida respublikadagi oliy o‘quv yurtlarining ishtirokchilari o‘zlarining mavzuga oid 100 ga yaqin ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar. Ushbu ma’ruzalar to‘plam holida chop etilishi ko‘zda tutilgan.

 

 

Share