Ustoz-shogirdlar konserti

Ustoz-shogirdlar konserti

Iqtidorli kompozitor Dilorom Omonullaeva musiqa san’atining turli janrlarida ijod qilib, simfoniya, konsert, syuita, kamer cholg‘u asarlari, fortepiano uchun asarlar, xor uchun yirik va kichik shakldagi asarlar yaratib, o‘zbek musiqa merosini yanada boyitib kelmoqda.

Kompozitorning xalq orasida tanilishida esa uning qo‘shiqlari sababchi bo‘ldi.

D.Omonullaeva yaratgan 300 dan ortiq estrada qo‘shiqlari kattalar va bolalar ijrosi uchun mo‘ljallangan bo‘lib, turli janrlarni o‘z ichiga qamrab oladi. Lirik, raqsbop, falsafiy, o‘ynoqi va vatanparvarlik ruhidagi qo‘shiq, romans va madhiyalar yurtimizning turli konsert sahnalarida yangrab, musiqa san’atimizni targ‘ib qilib kelmoqda. Uning “Yomg‘ir yog‘di”, “Siz yoqqansiz”, “Men seni hech kimga bermayman” qo‘shiqlari esa haqiqiy ommaviy shlyagerga aylandi.

D.Omonullaevaning shogirdlari ham o‘zbek musiqa san’ati rivojiga katta hissa qo‘shmoqdalar. Ular qatorida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan va O‘zbekiston xalq artistlaridan S.Nazarxon, D.Ismiyaminova, Z.Soy, L.Ahmedova va boshqalarni aytib o‘tish o‘rinlidir.

Kuni kecha, 22 noyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, “Do‘stlik” ordeni sohibasi, taniqli kompozitor, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “Estrada xonandaligi” kafedrasining professori Dilorom Omonullaeva sinfining usto-shogird ruknidagi konserti bo‘lib o‘tdi.

Konsert dasturi o‘zbek kompozitorlari va dunyoning mashhur estrada xonandalari repertuaridan o‘rin olgan qo‘shiqlardan tuzilgan bo‘lib, ularni D.Omonullaevaning shogirdlari ijro etdilar.

Konsert so‘nggida “Ustoz-shogird” an’analariga binoan, D.Omonullaeva “Seni tashlab ketolmayman” (D.Omonullaeva musiqasi, R.Yarasheva she’ri), “Yomg‘ir yog‘di” (D.Omonullaeva musiqasi, U.Azim she’ri) qo‘shiqlarini ijro etdi.

Shuningdek, tadbirda D.Omonullaeva musiqasi bilan “Vatan hayotdek aziz”, “Boshim egib qo‘yma, dunyo”, “Sen eding”, “Dunyolarga alishmasman” qo‘shiqlari ustozning shogirdlari – Xalqaro va Respublika tanlovlari laureatlari ijrosida yangradi.

Share

Tavsiya etilgan