“18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” munosabati bilan o‘tkazilgan sport musobaqalari

“18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” munosabati bilan o‘tkazilgan sport musobaqalari

“18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” munosabati bilan Oliy ta’lim muassasalarining talaba-yoshlarida Vatanga sadoqat, mamlakatimiz tarixi va xalqimizning qadriyatlariga hurmat hamda insoniylik tuyg‘ularini yanada shakllantirish maqsadida joriy yilning17 noyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 8-son Talabalar turarjoyida ham talabalar o‘rtasida ommaviy sport sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etildi.

Unda 8-son TTJ mudiri R.Kushakov, pedagog-tarbiyachi O‘.G‘ulomov, Talabalar kengashi raisi R.Abdullaev, Xotin-qizlar kengashi raisi G.Hakimova va TTJda yashovchi talabalar ishtirok etdilar. TTJ mudiri O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan barcha talabalarni tabriklab, ularga sog‘lik-salomatlik, o‘qish va ishlarida hamda ijodlarida muvaffaqiyatlar tiladi. Shundan so‘ng sport musobaqalari boshlandi.

TTJ fitnes va jismoniy madaniyat xonasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida 24 kg. tosh ko‘tarish bo‘yicha musobaqa o‘tkazilib, g‘oliblikni TTJ talabalar kengashi raisi R.Abdullaev qo‘lga kiritdi. Shundan so‘ng yotgan holda og‘irligi  80 kg. bo‘lgan shtanga ko‘tarish bo‘yicha birinchilik bo‘lib o‘tdi va unda O‘zbek maqom san’ati fakultetining 4-bosqich talabasi Sh.Halimov mutlaq g‘olib bo‘ldi.

TTJ san’at va musiqa xonasida esa qiz va bolalar o‘rtasida sportning shaxmat turi bo‘yicha chempionat bo‘lib o‘tdi. Unda g‘oliblikni 4-bosqich talabasi G.Hakimova qo‘lga kiritdi. Shuningdek, joyidan turib uzunlikka sakrash, turnikda tortilish, turnikda gavdani ko‘tarib aylanish, arm-restling hamda arqonda sakrash kabi sport turlari bo‘yicha xam musobaqalar bo‘lib o‘tdi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida o‘tkazilgan “Bayrog‘im – g‘ururim, sha’nim ” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirda ham 8-son TTJda yashovchi talabalar faol qatnashib, o‘zlarining chiqishlari bilan barchani xushnud etdilar.

Tadbir so‘ngida Markaz direktori tomonidan tadbirda ishtirok etgan talabalar hamda TTJ ma’muriyati tashakkurnoma bilan taqdirlandilar.


Share