Ustoz va shogird konserti

Ustoz va shogird konserti

Ustoz… Naqadar dilga yaqin soʻz. Ustoz bergan taʻlim-tarbiya biz yoshlarning kelajagimizni belgilab beradi. Mehridaryo ustozlarga hurmat koʻrsatish shogirdlarning burchidir. Ayniqsa, sanʻat sohasida ustoz-shogird anʻanalari alohida ahamiyatga ega. Konservatoriyanining organ zalida boʻlib oʻtgan konsert ham bu fikrimizni tasdiqlaydi.

Konsertda Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi professori,ustoz Munira Aminova vaularning shogirdlari Хalqaro tanlovlar laureatiBobur Mirsaidov ishtirok etishdi. Konsert dasturi jahon klassik kompozitorlarining organ uchun yozgan asarlaridan tashkil topdi. Xususan, I.S.Baxning “Tokkata va fuga”
re-minor, I.Bramsning “Ikkita xoral prelyudiyalari”, L.Boelmanning “Gotik syuita”, D.Bukstexudening “Tokkata”, Vivaldi Bax “Prelyudiya va fuga” re-major, T.Regerning “Instroduktsiya va passakliya” re-minor, Sh.T.Vidorning “Tokkata”lari ijro etildi.

Ustoz va shogird organ uchun yozilgan klassik asarlarni shuqadar mohirona ijro etdilarki, tinglovchilar oʻzlarini goʻyo klassik davr musiqa olamida yurgandek his qildilar.

Noyob organ cholgʻusini chalish insondan juda katta mahoratni talab etadi. Organda nafaqat qoʻllar, balki oyoqlar ham qoʻllar kabi bir xil harakatda boʻladi. Organ chalayotganda qoʻlda boshqa ritm, oyoqda esa yana boshqa ritm chalinadi. Manashu qiyinchiliklarni ustoz va shogird birgalikda yengib oʻtishdi.

Konsert I.Bramsning “Ikkita xoral prelyudiyalari” nomli asari ijrosi bilan boshlandi. Uni shogird Bobur Mirsaidov ogʻir, vazmin tempda ijro etdi. Asarning kulminatsion joyida ijrochining oyoq va qoʻllari bir paytda chalib, dinamikani koʻrsatishga yordam berdi.

L.Boelmanning “Gotik syuita” asariham tinglovchilarga manzur boʻldi. Organdan taralayotgan ovoz goʻyoki muhtasham orkestr jarangini eslatdi.

Ustoz Munira Aminova I.S.Baxning “Tokkata va fuga” nomli asarini professional darajada ijro etdi.Asar bir ovoz ijrosi bilan boshlandi va asta-sekin koʻp ovozli polifonik uslubda rivojlana bordi. Bu asar koʻpchilikka tanish boʻlganligi sababli tinglovchilar olqishi yanada davomli boʻldi.

Munira Aminova shogirdi Bobur Mirsaidovga organ cholgʻusining sir-sinoatlarini oʻrgatish bilan birga, insoniy fazilatlarni ham singdira olgan. Konservatoriyaning magistratura bosqichini 2019-yil muvaffaqqiyatli tugatgan B.Mirsaidov bugungi kunda ijod bilan jiddiy shugʻullanib, kasbiy mahoratini oshirib bormoqda. Ustoz-shogirdningkonsertgacha boʻlgan mashaqqatli mehnatining mevasi sifatida tinglovchilarning davomiy olqishlari yangradi.Umuman olganda konsert dasturidagi barcha asarlar tinglovchilarda ijobiy taassurot qoldirdi. Ayniqsa, organning ovoz tembri barchaning qulogʻiga chuqur singib bordi.

Oʻylaymizki, ustoz-shogird anʻanalari bardavom boʻlib, kelgusida Bobur Mirsaidov ham oʻz shogirdlarini yetishtiradi.

  •   Omonjonova Marjona,
  • Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi
  • “Estrada sanʻati” fakultetining
  • “Bastakorlik sanʻati” yoʻnalishi
  • 3-kurs talabasi
  •                                                                                                                                                                                                                                                                            

Share