FIDOIY USTOZLARDAN BIRI

FIDOIY USTOZLARDAN BIRI

Ro‘zibi Xodjayeva 1959-yil 25-mart kuni Toshkent viloyatida tug‘ilgan. Otasi ishchi, onasi uy bekasi bo‘lgan.

Buvalari nihoyatda ilmli Hoji domla xalq orasida obro‘-e’tiborga ega inson bo‘lgan ekan. Akalari Ma’murjon bilan buvalarini hovlisiga borayotganda qishloq ahli ularni ko‘rib, “Ana, mulla Hoji buvani nevaralari kelyapti”, – deyishar ekan. Ro‘zibi Xodjayeva akalari bilan hovliga borishganida, Ma’murjon akalari cho‘michnimi, kapkirnimi qo‘llariga olib tor qilib chalib, buvilariga konsert qo‘yib berishar, buvilari ham ularga qo‘shilib ashula aytib berar ekanlar. “U vaqtda televizorlar yo‘q edi, katta-katta batareya bo‘lar edi, shuni quvvati bilan radio eshitsa bo‘lardi”,– deydi Ro‘zibi Xodjayeva.

Ro‘zibi Xodjayeva o‘rta maktabning 4-sinfini tugatganida, ya’ni 1969-yilda dadasi uni musiqa maktabiga rubob sozida o‘qishga olib boradi.  Bir yil rubobda o‘qib, akasi Ma’murjonning taklifi bilan dutor sinfiga o‘tadi.

“O‘sha vaqtlarda qo‘limda dutor bilan mahalladan yurib kelsam, ba’zi qo‘shnilar havas bilan qarar, ba’zi qo‘shnilar esa “ha, endi artist bo‘lasanmi?” deyishardi. Kelib onamga, dadamga shu gaplarni aytsam,  ular “Ishing bo‘lmasin, bekorlarni aytishibdi”, deyishardi. Ayniqsa, onamning  “Qizim, sen meni yagona qizimsan, senga suyanch bo‘lsin deb, yana to‘rtta o‘g‘illik bo‘ldik.  Endi sen o‘qimishli bo‘lgin, o‘qituvchi bo‘lsang oilang, ro‘zg‘oringga yordam bo‘ladi”, der edilar. Musiqa darsiga haftada ikki kun borardimu, shular hayolimdan ketmas edi”, – deydi qahramonimiz.

1974-yil o‘rta maktabning 8-sinfini, musiqa maktabining 5-sinfini tamomlab, Hamza nomidagi Toshkent davlat musiqa bilim yurtiga o‘qishga kirib, Sotvoldi aka Karimovda o‘qishni davom ettiradi.

Sotvoldi Karimov juda talabchan, bir qarashlaridayoq eng dangasa talaba ham tipirchilab qoladigan darajadagi inson edi. Hozirda Sotvoldi Karimovning shogirdlari hammasi hayotda o‘z o‘rnini topib, sohalarining yetuk mutaxassisi bo‘lishgan.  Karimovning o‘sha talabchanliklari, talabalarni shu darajalarga erishishiga poydevor bo‘lgan ekan. “Hamza bilim yurti Toshkentning “Asakinskiy”, hozirgi H.Olimjon metrosining Sverdlov ko‘chasi, 26-uyda joylashgan bo‘lib, eski binolar edi. Umumiy darslarimiz tugagandan keyin Sotvoldi aka hamma o‘quvchilarini alohida-alohida bo‘sh sinflarga qulflab qo‘yib, o‘zlari koridorda aylangancha talabalarning qanday dars tayyorlashini kuzatib yurardilar. Gohida ana shu jonkuyar domlamizning bizga bo‘lgan e’tiborlari sababli shu darajaga erishdik, deb o‘ylab qolaman”, – deb xotirlaydi Ro‘zibi Xodjayeva.

1978-yil bilim yurtini a’lo baholar bilan tamomlab, M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasiga hujjatlarini topshirib, imtihonlardan o‘tgan Ro‘zibi  Xodjayeva xursand uyiga keldi. Dadasi va onasi o‘qishga kirib kelganidan ham xursand, ham hayron, lekin onasining onalari ikkinchi buvisi uni o‘qishga topshirganini eshitib, jahl bilan yugurib kelib so‘riga o‘tirib olib hammani ta’bini xira qilibdilar. Dadalari jimgina yer chopish bilan ovora, onalari yana bir yumush bilan band. Buvilari “qiz bolaga kim qo‘yibdi o‘qishni, shahar olib berarmidi? Bittasini o‘qidi, konservatoriyada nima bor endi…?” Ro‘zibi buvilarining u yuzlaridan, bu yuzlaridan o‘pib, o‘ziga qaratdi. “Qani, nimani qoyillatding, chalib berchi!”– deb qoldilar. Ro‘zibi  yugurib dutorini olib chiqib, “Dutorim”, “Gilos”, “Chertmak”, “Dilxiroj”, “Andijon polkasi” kuylarini chalib bergan edi, sekin erib, chehralari ochildi. “Endi chalibsan-chalibsan, ashulasini ham ayt”,– deya duo beribdilar. Keyin yoshliklarini eslab, “Biz yoshligimizda falonchixon bor edi, shu yig‘ilganlarimizda, to‘ylarda, unda ayollar alohida ichkarida o‘tirishib, bazm qilardi, o‘sha falonchixon dutor chalib, ashula aytib, hammamizni o‘ynatardi, sen ham dutor chalib ashula aytishni o‘rgan endi”, – deb  o‘z roziliklarini bergan ekanlar.

1978-yildan 1983-yilgacha R.Xodjayeva o‘qish bilan birgalikda O‘zbekiston xalq artisti G‘.Toshmatov rahbarligida “Dutorchi qizlar” ansamblida ishlab keladi. Shu davr ichida ansambl xalq orasida o‘z obro‘-e’tiboriga ega bo‘ldi. Ro‘zibi o‘zining yakka  ijrodagi kuylari bilan har bir konsertda kuy ijro etib chiqardi, asta-sekin Ro‘zibi Xodjayevani ham “dutorchilarning dutorchisi” deb xalq taniy boshladi. Bir konsertda o‘zbek xalq kuyi “Malikai Turandot”ni  ijro etdi. So‘ng bir necha oydan keyin yozgi ta’til vaqtida qizlar bilan Farg‘onaga borganida bir hamkasblarining qarindoshlarinikiga yoqlab  eshikdan kirishi bilan uy egasi “E, ana Malikai Turandot kelibdilar-ku” deb yubordilar. Bu Ro‘zibi Xodjayevaning anchayin mahoratli sozanda ekanidan darak berardi.

Ro‘zibi Xodjayeva Toshkent davlat konservatoriyasida Feoktist Nikiforovich Vasilev sinfida dutordan o‘qiy boshladi. Vasilev bir dunyo, G‘.Toshmatov bir dunyo, bir-biriga qarama-qarshi ustozlar, lekin F. Vasilev o‘zbek cholg‘ularida ijro eta olmasa ham, ularning dars o‘tish uslublari mohirona edi. Ikki ustoz ikki xil yo‘nalishda,o‘rgatishsa ham asosiy ijro uslubiga bo‘lgan g‘oyalari bir xil edi. Kafedraning zabardast ustozlaridan biri, qashqar rubobi bo‘yicha dars beruvchi professor Sulaymon Taxalov akademik va an’anaviy ijro uslubining ustasi bo‘lib, har gal imtihon, konsertlardan so‘ng Ro‘zibi Xodjayeva ijrosiga ijobiy baho berar, ruhlantirib, o‘zbek xalq kuylarini ijro etishda kichkinagina nola yoki dutor simlarini tortib chalish yo‘llarini ham o‘rgatib borar edi. Sulaymon Taxalov e’tiborli inson bo‘lganligidan hatto Ro‘zibi ismining noyobligiga ham munosabat bildirgan ekanlar. Sulaymon Taxalov: “Seni isming juda chiroyli, ismingni ma’nosini bilasanmi? Nega televizorda ham “Roza” deb e’lon qilishyapti?”, – dedi. “Yo‘q domla, ma’nosini bilmayman, ammo to‘g‘ri aytisholmagani uchun o‘zlari Roza deb yuborishdi”, – dedi Ro‘zibi. Shunda ustoz, “qizim, bilmasang bilib ol, ismingni aytishdan uyalma, ma’nosi forsiy bo‘lib, “Rozi” – kun degani, “Bi”– nurli ma’nosini bildiradi. “Nurli kun” degani, juda yaxshi oyda tug‘ilgansan”, – deb uqtirganlar.

5-bosqichni tugatish arafasida ishlash uchun yo‘llanmani “Dutorchi qizlar” ansambliga olgan Ro‘zibi mutaxassislikdan imtihon topshirayotganida, imtihon raisi Ozarbayjondan kelgan kompozitor Aleskerov komissiya a’zolaridan, “Bu qizimizni yo‘llanmasi qayerga?” –deb so‘rabdi. “Dutorchi qizlar” ansambliga”, deyishgan ekan, birdaniga “Ey, bu qizni konservatoriyada olib qolish kerak, shunday kadrlar qolib ishlashi kerak,”– deb e’lon qilib yubordi. Bir kunda taqdiri hal bo‘lgan Ro‘zibi Xodjayeva, endi konservatoriyada asosiy ishda qolib, assistentura-stajirovkaga sirtdan o‘qishga kirdi va yana 3 yil o‘qishini davom ettirdi. Shu 3 yil o‘qish, ham asosiy ishda o‘qituvchilik faoliyatini boshlagani uchun dutorchilar ansamblidan ketishga majbur bo‘ldi.

Ro‘zibi Xodjayeva 1989-yil “Yosh ijrochilar”  ko‘rik-tanlovida 1-o‘rin sovrindori bo‘libgina qolmay, ilmiy ishini ham davom ettirardi. Bu vaqt ichida hozirda nashrdan chiqqan ikkita o‘quv qo‘llanmasining qo‘lyozmasini tayyorlab bo‘lgan edi.

1986 yil assistentura-stajirovkani tugatib, yana “Dutorchi qizlar” ansamblida o‘rindosh sifatida ish faoliyatini 2002-yilgacha davom ettiradi.

Ro‘zibi Xodjayeva 2002-yildan “Dutorchi qizlar” ansamblidan ketib, 2008 yilgacha D.Zokirov nomidagi xalq cholg‘ulari orkestrida faoliyat olib boradi.

2009-yil G‘.Toshmatov nomidagi “Dutorchi qizlar” ansambli yoshartirish maqsadida tarqatildi va talaba yoshlardan yangidan ansambl tashkil qilish vazifasi topshiriladi. Ansamblga Ro‘zibi Xodjayeva badiiy rahbar qilib tayinlanadi.

“Ijodiy faoliyatimning eng esda qoladigan yillari, mening O‘zbekiston davlat konservatoriyasidagi ish jarayonimdir”, – deydi Ro‘zibi Xodjayeva.

199-ilda uning “Dutorim, sozim manim” nomli birinchi kitobi nashrdan chiqib,o‘z egalarini topdi. Ushbu kitob qo‘lyozmasini F. Vasilev bilan talabalik yillarida tayyorlagan bo‘lsa-da, uni F.Vasilev vafotidan keyin Ahmad Odilov charxlab, nashriyotga topshirgan.

2007- yili “Dutor navolari” deb nomlangan o‘quv qo‘llanmasi nashrdan chiqdi. Bu kitobning birinchi kitobdan farqi – unda aynan dutor ijrochiligidagi gammalarni to‘g‘ri ijro etishga urg‘u berilgan, ya’ni gamma ijro etishda chap qo‘l barmoqlari pardalarda to‘g‘ri yurishiga talabalar e’tibor berishi ta’kidlangan.Chunki barmoqlar gamma ijrosida to‘g‘ri ishlansa, asar ijro etgan vaqtida o‘z-o‘zidan avtomatik ravishda pardalarda to‘g‘ri yuradi. Qolaversa, qo‘llanmada jahon kompozitorlarining skripka uchun yozgan yirik asarlari dutor uchun moslashtirib kiritilgan. Ulardan: J.Ramoning “Variasalar”, Zataevichning “Jyoltыy patok” hamda o‘zbek kompozitorlari Q.Komilovning “Gulzorda”, Fattoh Nazarovning “Dutor navolari” kabi asarlari  aynan Ro‘zibi Xodjayevaga bag‘ishlab yozilgan. Bu asarlarni  ilk bor o‘zi ijro etib, tajribadan o‘tkazib, so‘ng o‘quv qo‘llanma holatida nashrdan chiqardi. Hozirda barcha talabalar ushbu kitobdan keng foydalanishadi.

“O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga 1978-yili o‘qishga kirib, 1983-yil tugatib, ish faoliyatimni dastlab o‘qituvchi, so‘ng katta o‘qituvchi, dotsent lavozimini bajaruvchi va 2007- yildan buyon dotsent lavozimida davom ettirib kelishim, meni eng baxtli kasb egasi sifatida quvontiradi”, – deydi Ro‘zibi Xodjayeva.

Xodjayeva uchun ijodiy faoliyatining eng mazmunli daqiqalaridan biri 2005- yildan to hozirga qadar O‘zbekiston–Yaponiya markazi qoshidagi Yapon volontyorlari uchun ochilgan “Dutor o‘rganish” kursiga rahbarlik qilib kelishi bo‘lgan.

2005-yil Janob Inaba O‘zbekiston–Yaponiya markazida dutor kursi tashkil qilish maqsadida “Xalq cholgulari” laboratoriyasi  direktori Ozoda Toshmatovaga murojaat qilganida, Ro‘zibi Xodjayeva shu kursni boshqarishi taklifini bildirdi.

Yapon volontyorlarining o‘zbek dutor soziga qiziqishlari juda baland bo‘lgani sababli hozirgikungacha Ro‘zibi Xodjayeva O‘zbekiston–Yaponiya o‘rtasidagi diplomatik aloqalarning mustahkamlashida o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

U o‘zining Tokioga bo‘lgan sayohati haqida quyidagi fikrlarni aytadi: “2005- yildan shu kunga qadar muntazam ravishda har yili konservatoriyadagi talabalarim bilan birgalikda hamdo‘stlik konsertlarini o‘tkazib kelaman. Gohida ularga qarab hayron qolaman. Dini boshqa, irqi boshqa, tili boshqa, dunyoqarashi boshqa, lekin erinmay qunt bilan dutor o‘rganib, o‘zbek xalq qo‘shiqlarimizni ham aytishadi. Hatto, volontyorlarimizdan biri Okisanga“Munojot” qo‘shig‘ini o‘rgatganimda, uni shunaqangi mohirona ijro etdi-ki, yig‘ilgan tomoshabinlar uzoq vaqt qarsak chalib uni olqishlashdi. Yapon qizlaridan Manasan “Tanavor” raqsiga o‘ynab, Sakamotosan “Tanavor” qo‘shig‘ini ijro etganda tomoshabinlarning olqishlari, janob Inabaning quvonchlari menga kuch berardi. Yaponiyadan 60 yoshlik Aykosan onaxon bilan o‘zbekistonlik Muparax opalar ikkita kampir obrazini yaratishadi, ya’ni yapon kampiri yaponcha so‘zlab, o‘zbek kampiri o‘zbekcha gapirib o‘z dardlarini bir-biriga dutor chalish orqali bayon etib,muxlislarni rom qilishardi. Xagivarasan bilan Manasanlarning “Xililla yorim” qo‘shig‘ini kuylashganda, Kajisan bilan Ishkavasanlar Tohir va Zuhra dramasidan “Ayvon” qo‘shig‘ini kuylaganida tomoshabinlar olqishlaridan o‘zim ham ta’sirlanib ketardim. 2010-yil oktabr oyida Yaponiya davlatiga konsert dasturim bilan gastrol safariga bordim. Tokioda mening volontyor o‘quvchim Xagivara-San kutib oldi. Tokioning mashhur gitarachilar ansamblining rahbari Itosan bilan birgalikda va mening Yaponiyadagi barcha dutor o‘rgangan volontyor o‘quvchilarim bilan birgalikda konsertlar o‘tkazdik. Yaponiyaning “Maybashi” degan shahrida do‘mbira ijrochilarining festivalida ishtirok etdim. Tokio ovoz yozish studiyasida dutor kuylaridan tasmaga yozib koldirdim. Tokioda JICA a’zolariga, Itosanning Gitarachilar ansambli ishtirokchilariga va yana dutor soziga qiziqqan tomoshabinlar uchun ochiq dars o‘tkazdim. Uchrashuvlarimning barchasi qiziqarli, mazmunli o‘tardi. Tokioda O‘zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan Itosan rahbarligidagi “Gitarachilar” ansambli bilan hamkorlikdagi konsertimiz juda hammuvaffaqiyatli bo‘ldi. Gitara tovushi bilan dutor ohanglari bir-biriga bog‘lanib, muhlislarni rom qildi. Ayniksa, dasturda Itosan gitarada, men dutor jo‘rligida ijro etgan duet asarimiz “Zulfi siyoh” kuyi, Gitarachilar ansambli jo‘rligida Q.Komilovning “Gulzorda” asarlari dutorda solasi va yapon qizlarining dutorda atlas ko‘ylaklarimizni kiyib etgan ijrolaridan tomoshabinlar hayratga tushib, hatto yapon qizlarini atlas ko‘ylaklarda tanimay o‘zbek qizlariga o‘xshatib ham yuborishdi. Konsert tugagandan so‘ng Yaponiyadagi volontyor o‘quvchilarim konsertda qatnashgan-qatnashmaganlari ham kelib meni o‘rab olishdi. Meni yapon yigi-qizlari ichida turganimni kuzatib turgan Yaponiyadagi o‘zbek ayollarimizning yonlariga so‘rashgani borsam, ular menga “Biz sizni musofir yurtda qo‘llab-quvvatlashga kelsak, bizga muhtojlik joyingiz yo‘q ekan”, – deb hayratda qolishdi. Yapon xalqi ham bizlardek mehmondo‘st xalq ekan. Har bir konsert, uchrashuvlardan keyin albatta mehmonnavozlik bilan stollarni yapon taomlariga to‘ldirib tashlashardi. Ayniqsa, ovoz yozish studiyasida Yaponiyaning mashhur taqlidchisi Nekoxachisan bilan 4-5 kishi qo‘shtor kuyini yozganimizda Nekoxachisan bulbulning sayrashi bilan jo‘r bo‘lishi kerak edi.Shu jarayonni tasmaga yozib bo‘lgunimizcha mening O‘zbekistondan kelganimni eshitgan djaz musiqa ijrochilari studiyaning o‘zida djaz musiqa kechasini uyushtirishgan. Yamaxa elektro gitarasi va dutor jo‘rligida yapon kuylarini ijro etgan holda tasmaga yozib olingan”.

Ro‘zibi Xodjayeva shogirdlarga boy, baxtli ustozlardan. Yaponiyada 200 dan ortiqo‘quvchilari bor, AQShning Koliforniya shtatida amerikalik shogirdi Tanya, hatto “Dutorchilar ansambli” tuzib ish olib bormoqda.Koreyaning Seul universitetidan Li xonim kelib dutor o‘rganib ketdi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasini Ro‘zibi Xodjayevaqo‘lida o‘qib, bitirib ketgan talabalarning barchasi o‘z sohalarida ish faoliyatlarini olib borib, yosh dutorchilarni tarbiyalab kelmoqdalar. Shogirdi Dono Rahimova Koreyada magistraturada o‘qib, tanavorlarhaqida koreys tilida kitob yozib, nashrdan chiqardi. Ro‘zibi Xodjayeva shogirdlaridan juda g‘ururlanadi va ularning yutuqlaridan quvonadi, chunki uning ishini davom ettirayotgan izdoshlari serob.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta o‘qituvchisi Durdona Haydaralieva, o‘qituvchi Malohat Nabievalar ham Ro‘zibi Xodjayeva maktabining davomi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yurtimizda dutor san’ati sohasi bo‘yicha Ro‘zibi Xodjayevadek iste’dodli ustozlar tomonidan yuqori malakali mutaxassislarning yetishib chiqishi dutor ijrochilik san’atiga, cholg‘uda ijro etish va o‘rganish uslubiyati yo‘nalishlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Xulosa, “…Ustozning etagini tutib shod bo‘l, bir muddat ustozga xizmat qilginda, so‘ngra o‘zing ustoz bo‘l…” (Kamoliddin Husayn Koshifiy,
1440-1505).Ro‘zibi Xodjayeva ana shunday ustozlardandir.

Baxtiyor Azimov, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi

Share

Tavsiya etilgan