“Milliy musiqa – ruhiy ozuqa”

“Milliy musiqa – ruhiy ozuqa”

2019 yilning 8 noyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasining Katta majlislar zalida go‘zal, mazmunli, kitobsevarlar, qolaversa konservatoriya ahlini xursand qiladigan tadbir bo‘lib o‘tdi.

“An’anaviy ijrochilik” bo‘limi 3 kurs talabasi Marjona Toshevaning “Tafakkur birla…” kitobi taqdimotiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.Tadbirni olib borgan Zuhriddin Isomiddinov monografiyaning
2 tilda yozilganligi (o‘zbek va ingliz), chet ellik kitobxonlarga targ‘ibot va o‘zbek musiqa san’ati, cholg‘ulari haqida ma’lumotlar bilan tanishtirishga xizmat qilishinita’kidladi.

Kirish so‘zida Turg‘un Alimatov jamoat birlashmasi raisi Alisher Alimatov ham kitob xususida iliq so‘zlar aytib, o‘zbek musiqa san’ati, sozgarlari, ijodkorlari va ularni yoritishga bel bog‘lagan Marjona Tosheva bilan bo‘lgan hamkorlik ishlari yuzasidan fikrlarini bayon etdi. Muallifga va kitob qahramoni To‘xtamurod Zufarovga uzoq umr, ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Biz O‘zbekistonning buyuk kelajagini barpo etishga bel bog‘lagan ekanmiz, bu ulug‘ ishni ertaga emas, bugun boshlashimiz, buning uchun avvalo navqiron yoshlarimizga zarur sharoitlarni aynan bugun yaratib berishimiz kerak. Biz yoshlarning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish maqsadida boshlagan ishlarimizni nainki davom ettiramiz, balki ularni yangi, yanada yuksak bosqichga ko‘taramiz”, degan so‘zlarining tasdig‘i va amaldagi ijrosi sifatida qabul qilish mumkin.

Yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalangan
M.Toshevaning ushbu  monografiyasi soz va sozgarlik bo‘yicha qiziqarli ma’lumotlar, mashhur sozgar usta To‘xtamurod Zufarovning ilmiy-ijodiy faoliyati, hayot qiyinchiliklariga qaramay orzu- maqsadlarini ro‘yobga chiqarish, o‘zbek cholg‘ularini yasash borasidagi tajribalari bilan keng kitobxonlarni tanishtirishga qaratilgan.

Tadbir doirasida Usta Usmon Zufarov haqidagi qisqa metrajli hujjatli film ham namoyish etildi. Ularning o‘g‘illari, kitob qahramoni To‘xtamurod Zufarov – “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, filologiya fanlari nomzodi, sozgar usta, televidenieda “Otalar so‘zi – aqlning ko‘zi” ko‘rsatuvi boshlovchisi va bir qancha hunar egasi o‘zlarining ijodiy faoliyatlari, yoshlik yillaridagi izlanishlari, ota hunarini egallash borasidagi ishlari xususida yig‘ilganlarga so‘zlab berdilar. Shundan so‘ng “Umrboqiy meros” O‘zbekiston madaniyati va san’ati targ‘ibot markazi direktori Lutfiya Mirzaeva, direktor o‘rinbosari Ziyoda G‘afforova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining professor-o‘qituvchilari O‘tkir Qodirov, Baxtiyor Azimov, muallifning onasi, qarindoshlari va yaqinlari so‘zga chiqib, Marjonaga va kitob qahramoniga minnatdorchilik bildirgan holda, yangi yutuqlar tiladilar.

Tadbirda konservatoriya talabalaridan Go‘zal Mo‘minova sinfining dutorchilari ham ishtirok etib, o‘z ijrolari bilan tadbirga fayz kiritdilar.

Bunday zamonamiz qahramonlari bilan uchrashuvlar yoshlarni yurtga sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, madaniyat rivoji, targ‘iboti uchun xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Marjona Toshevani yana bir bor ushbu yutuq bilan tabriklab, kelgusi ishlarida omadlar tilaymiz.

Baxtiyor Azimov, O‘zbekiston davlat konservatoriyasining dotsenti, pedagogika fanlari nomzodi

Share