“KLASSIK MUSIQA KECHASI”

“KLASSIK MUSIQA KECHASI”

 

 

2019 yilning 7 noyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasi katta zalida “Musiqali teatr-studiya” konserti bo‘lib o‘tdi. Konservatoriya qoshidagi musiqali teatr-studiyasi 1964 yilda tashkil etilgan bo‘lib, bitiruvchilarning davlat imtihonlarida qatnashayotgan, muntazam ravishda konsert dasturlarini tinglovchilarga taqdim etib kelayotgan jamoalardandir. Ushbu jamoani tashkil etilishida G‘.Tulyaganov, Q.Usmonov, Z.Xaqnazarov, V.Neymer kabi dirijorlarning hissasi kattadir. Jamoa tashkil etilganidan hozirgi kunga qadar faoliyat olib borayotgan orkestr inspektori A.Kerimovning o‘z ishiga sadoqati va fidoiyligiyoshlarga o‘rnak bo‘lmoqda.

Konsert dasturidan O‘zbekiston kompozitorlari M.Ashrafiy, S.Yudakovning asarlari, romantizm davrining vakillari R.Vagner, Dj.Verdi, F.Shopen, K.Sen-Sanslarning betakror ijod namunalari o‘rin egalladi. Dirijerlik pulti qarshisida esa, “Orkestr dirijorligi” kafedrasi mudiri, MTS orkestri rahbari va dirijori G‘ayrat Abrorov bo‘lib, yakkaxon sozanda va xonandalarga, shuningdek, orkestrga mahorat ila dirijorlik qildi. Uning talqinida yangragan musiqa namunalari yig‘ilganlarga manzur bo‘ldi. Ayniqsa, xalqaro tanlovlar laureati, Zulfiya davlat mukofoti sohibasi Inoyatxon Abdullaeva ijrosidagi F.Shopenning murakkab fortepiano va orkestr uchun Birinchi konserti davomli olqishlarga sazovor bo‘ldi.

Konsert dasturini tayyorlashda konservatoriyaning “Xor dirijorligi” kafedrasi mudiri Sevara Kadirova, professor Lyubov Djumaeva va dotsent Yu.Xusnuddinovalar ham bevosita qatnashib, tinglovchilar e’tiboriga talabalar xori va MTS qoshidagi xor jamoalarining chiqishlari havola etildi. Yig‘ilganlar xor jamoalarining yuqori professional ijrolaridan baxramand bo‘ldilar.

Konsertni musiqashunos Mohina Abrorova olib borar ekan, musiqali teatr studiyasi faoliyati, dasturdan o‘rin egallagan asarlarning tarixi haqida ma’lumot berdi. Klassik musiqa kechalarini muntazam ravishda o‘tkazilishi, tinglovchilarning estetik didini yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Klassik musiqa kechasi yig‘ilganlarda ijobiy taassurot qoldirib, bu kabi musiqa bayramlarini nafaqat konservatoriya konsert zallarida, balki, o‘zga  tashkilot va muassasalarda tashkil etish taklifi berildi.

 

Share

Tavsiya etilgan