TARAQQIYOTIMIZ UCHUN G‘OV BO‘LAYOTGAN ILLAT

TARAQQIYOTIMIZ UCHUN G‘OV BO‘LAYOTGAN ILLAT

Vatanimizning istiqlol yillarida erishayotgan yutuqlari haqida qancha gapirsak ham oz. Olib borilayotgan bunyodkorlik ishlarini har jabhada ko‘rishimiz mumkin. Buni hozirgi kunda butun dunyo hamjamiyati ham ko‘rib, e’tirof etib turibdi. Shu bilan birga, afsuski, jamiyatimiz hayotida hamon uchrayotgan, taraqqiyotimiz va rivojlanish yo‘limizda g‘ov bo‘layotgan eng asosiy muammolardan biri bu – bu korrupsiyadir. Hozirgi kunga kelib korrupsiya dunyodagi ko‘plab davlatlar uchun jiddiy muammoga aylangan. U ijtimoiy hayotda qonun ustuvorligiga, jamiyat xavfsizligiga, barqaror rivojlanishga juda katta to‘siqdir. Korrupsiya – qonunga xilofdir. Bizdagi eng og‘riqli sohalardan biri – ta’lim sohasidagi korrupsiya masalasi afsuski hamon o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan. Albatta, bu borada davlatimiz rahbari tomonidan, shuningdek, vazirlik va idoralar tomonidan ushbu illatga qarshi kurashish, uni oldini olish hamda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishini qat’iy inkor qilish bo‘yicha sezilarli ishlar qilindi va qilinmoqda. Korrupsiyaga qarshi murosasizlik bilan kurashish mexanizmlari ishlab chiqilib, hayotga tadbiq qilinmoqda. Bejizga ta’lim sohasi rivoji uchun, bu sohada uchrab turayotgan korrupsiya muammosiga murosasizlik bilan kurashishga jiddiy e’tibor berilmayapti. Chunki aynan ta’lim yo‘nalishi jamiyatimizning deyarli har bir sohasi uchun malakali, yetuk kadrlarni tayyorlaydi. Korrupsiya bo‘lsa hech qanday axloq me’yorlarini, inson hayotining moddiy va ma’naviy jihatlarini tan olmaydi. Bunday holatda ta’lim tizimi “oldi-sotdi” holatiga aylanib qolishi, yosh avlod korrupsiyani oddiy voqe’lik sifatida qabul qilib qolishi mumkin. Ya’ni, oliy o‘quv yurtida olinishi kutilayotgan bilim, sa’viya, muayyan sohaning mutaxassisi bo‘lish masalasi o‘z ustuvorligini yo‘qotadi. Bunday jamiyat va davlat malakali, bilimdon, kuch-g‘ayratga to‘la mutaxassislarsiz o‘z taraqqiyot yo‘lida oqsaydi. Hozirgi globallashuv davrida esa ushbu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, birinchi galda ta’lim sohasini ushbu illatdan batamom tozalashimiz maqsadga muvofiq bo‘lib, nafaqat tozalashimiz, balki uni ildizi bilan yo‘qotishga intilishimiz kerak.

Shuni ham alohida ta’kidlab o‘tgan bo‘lar edikki, bu borada fuqarolar ham korrupsiyaga qarshi kurashda faol bo‘lishlari, o‘zlarining qonuniy huquqlarini bilishlari ancha samarali natijalarga olib keladi. Bir so‘z bilan aytganda, jamiyatimizning har bir a’zosida huquqiy savodxonlikni oshirish zarur. O‘z yurtining kelajagiga, uning ertangi taraqqiyot yo‘liga, farovon va tinch hayotiga befarq bo‘lmagan inson albatta, korrupsiya masalasida ham murosasiz bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri –

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Baxtiyor Sayfullayev

Share