KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI

KORRUPSIYA – TARAQQIYOT KUSHANDASI

“Korrupsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz!”

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 

Sh.M.Mirziyoyev

Korrupsiya… Naqadar, naqadar qabih illat. Bugungi kunda butun dunyo hamjamiyatini tashvishga solib kelayotgan bu illat azaldan jamiyat va davlat ravnaqiga zimdan toʻsqinlik qilib kelayotgan eng jirkanch omillardan biridir. Korrupsiya haqida soʻz yuritar ekanmiz, bu soʻzning lugʻaviy ma’nosi barchani birdek oʻylantirsa ajab emas, albatta. Keling, bu borada toʻxtalib oʻtsak. “Korrupsiya” atamasi lotinchadan olingan boʻlib, “corrumpo” – “poraga sotilish”, “aynish” degan maʻnolarni anglatadi. Kengroq ifodalaydigan boʻlsak, mansabdor shaxsning mansabi boʻyicha berilgan huquq va valokatlarni oʻz manfaatini koʻzlab, shaxsiy boyish maqsadlarida bevosita suiste’mol qilishi bilan bogʻliq boʻlgan amaliyotdir.

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, insoniyat shakllanish jarayonining ilk davri boʻlmish ibtidoiy jamiyatlarda ham korrupsiyaning ayrim koʻrinishlari boʻlib, oʻsha davrda qabila oqsoqoliga yoki harbiy boshliqlarga muayyan bir imtiyozni egallash uchun haq toʻlash tabiiy hol hisoblangan. Keyinchalik esa davlat boshqaruvining takomillashuvi va murakkablashuviga koʻra, korrupsiyaning ham turli xil shakllari yuzaga kelib, oxir-oqibatda u global muammolardan biriga aylanib ulgurdi. Bilamizki, shaxs, jamiyat hamda davlat tushunchalari oʻzaro chambarchas bogʻliq. Shu sababli jamiyatning biron a’zosiga taʻsir qilgan biror illat, albatta, butun jamiyatga oʻz taʻsirini oʻtkazmay qolmaydi. Korrupsiya paydo boʻlishi va rivoji mazkur mamlakatning taraqqiyotiga zimdan toʻsqinlik qiladi hamda davlatning olib borayotgan islohotlariga qarshilik koʻrsatadi. Korrupsiya illatiga qul boʻlgan amaldorlar davlatning, jamiyatning, xalqning bildirgan ishonchini suiste’mol qilib, oʻz manfaatlarini xalq va davlat manfaatlaridan ustun qoʻyadilar. Bu esa davlar siyosatining oʻsha amaldorlar boshqarayotgan boʻgʻinida ish sifatining buzilishiga olib keladi. Natijada butun bir jamiyat zarar koʻradi. Korrupsiya davlatni nafaqat moddiy, balki ma’naviy-ahloqiy jihatdan ham yemirib, xalq va davlat oʻrtasida ishonchsizlik deya atalmish ulkan chegaraning vujudga kelishiga olib keladi. Bu esa xalq oʻrtasida Vatanga daxldorlik va kelajakka ishonch tuygʻularining soʻnishiga olib keladi.

Mustaqillik yillarida yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiSh.M.Mirziyoyevning “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qarori alohida e’tiborga loyiqdir. Shunday ekan, biz ham bir tan-u bir jon boʻlib, korrupsiya deya atalmish bu jirkanch illatga qarshi kurashib, yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida barcha imkoniyatlarimizni ishga solishimiz darkor. Biz – korrupsiyaga qarshimiz. Zero, bizdan ozod va obod Vatan qolsin!

Oʻzbekistondavlat konservatoriyasining Oʻzbek maqom san’ati fakultetining

4-kurs talabasi   Jumanov San’at Yuldoshboy oʻgʻli

Share