KORRUPSIYAGA QARSHI MA’RIFAT

KORRUPSIYAGA QARSHI MA’RIFAT

Korrupsiya  va  uyushgan jinoyatchilikka  qarshi  kurashish,  shuningdek, 

huquqbuzarliklarning  oldini  olish  masalalarini  samarali  yechish ustuvor

vazifalarimizdan biri bo‘lib qoladi.

O‘zbekiston Respublikasi  Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev

KORRUPSIYAGA QARSHI MA’RIFAT

Korrupsiya — bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. U demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa noxush hodisalarning ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.

“Korrupsiya – shaxsiy maqsadda foyda olish uchun davlat hokimiyatini suiste’mol qilishdir” (BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashga oid ma’lumotnomasidan).

Korrupsiyaning tahdidi nimalarga olib keladi? Amalga oshirilayotgan islohotlarga qarshilik ko‘rsatishga, davlatning ma’naviy-axloqiy asoslarini yemirishga, jamiyat a’zolarining fuqarolik mavqeini yo‘qqa chiqarishga, islohotlar g‘oyasini obro‘sizlantirishga, pul orqali hokimiyatni qo‘lga olishga, nopok yo‘llar bilan boylik orttirishga olib keladi. Bu illatlar o‘z-o‘zidan vaziyatni beqarorlashtirib, ommaviy tartibsizliklarni keltirib chiqarishga sabab bo‘ladi.

Ushbu muammolar nafaqat hozirgi kunimizga, balki kelajak avlodlarimizning hayot tarziga o‘zining tahlikali ta’siri bilan kirib boradi. Bejiz Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tomonidan 2017-yil 3-yanvarda “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni imzolanganmagan.

Korrupsiyaga qarshi kurash siyosatining maqsadi – korrupsiya darajasini pasaytirish hamda fuqarolar, jamiyat va davlat huquqlari va qonuniy manfaatlarining korrupsiya bilan bog‘liq tahdidlardan himoyalanishini ta’minlashdan iborat. Bu siyosat davlatning korrupsiyaga qarshi qaratilgan, qabul qilingan turli qonunlari, qarorlari, dasturlarida o‘z ifodasini topadi. Korrupsiyaga qarshi kurash siyosati  bu –davlatning korrupsiyaning oldini olish, u paydo bo‘lganda uni tugatish va cheklash borasidagi sa’y-harakatlari va aniq chora-tadbirlar majmuidir.

Korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishidir.

Korrupsiyaga qarshi ma’rifat – insonda bilim, “immunitet”, shuningdek, korrupsiyaga qarshi oliy maqsadga mos keluvchi barqaror xulq-atvor me’yorlarida o‘z aksini topgan tegishli ma’naviy-axloqiy ehtiyojlar, insof, iymon-e’tiqod, halollik kabi sifat va hissiyotlarni shakllantirishga qaratilgan maqsadli jarayondir.

Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va marifat bo‘limi boshlig‘i  Feruza Qurbonova

Share