KOMPOZITOR MUHAMMAD OTAJONOVNING IJODIY KECHASI

KOMPOZITOR MUHAMMAD OTAJONOVNING IJODIY KECHASI

Iste’dodli kompozitor Muhammad Otajonov 1959 yil 16 sentabrda Urganch shahrida san’atkor oilasida tavallud topgan. Otasi Abdusharif Otajonov va onasi Bekajon Rahimova o‘g‘illari Muhammadjonni bolaligidan musiqaga bo‘lgan qobiliyatini sezib, uning tarbiyasiga katta e’tibor berishadi. U dastlabki boshlang‘ich savodni otasidan olgach, Otaniyozov nomidagi musiqa maktabini fortepiano mutaxassisligi bo‘yicha tamomladi. 1976-1977 yillarda M.Ashrafiy nomidagi Toshkent davlat konservatoriyasining (hozirgi O‘zbekiston davlat konservatoriyasi) tayyorlov bo‘limida bir yil o‘qidi va 1977-1982 yillarda fortepiano fakultetining asosiy bosqichida N.B.Gienkodan saboq oldi. Yosh sozandaning konservatoriyada o‘qib yurgan paytlarida musiqa bastalashga qiziqishi uyg‘ondi va u konservatoriyaning kompozitorlik fakulteti ikkinchi kursiga qabul qilindi. Taniqli kompozitor bir vaqtning o‘zida ikkita – ham kompozitor, ham fortepiano ijrochisi mutaxassisligi bo‘yicha tahsil oldi.

Hozirgi kunda M.Otajonov ijodi yangidan-yangi asarlar bilan boyib bormoqda. Muhammad Otajonov o‘zbek kompozitorlari orasida o‘zining jozibador, serqirra ijodi bilan ajralib turadi. Kompozitor o‘zining ijod yo‘lida turli janrlarni o‘zlashtirdi. “Davr sadolari – IV” Respublika musiqa festivali doirasida bo‘lib o‘tgan ijodiy kecha kompozitorning 60 yillik yubileyiga bag‘ishlangan. Kechada uning ba’zi asarlaridan namunalar ijro etildi. Konsert avvalida O‘zbekiston davlat konservatoriyasining O’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori Avaz Mansurov, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullayev, “Bulbulcha” bolalar xor va raqs ansambli badiiy rahbari, O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Shermat Yormatov va Qozog‘istonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Aptend Kimsanbayevichlar Muhammad Otajonovga samimiy dil izhorlarini bildirishdi. Konsertda M.Otajonovning xor uchun yozgan asari, fortepiano asarlari, xalq cholg‘ulari orkestri uchun yozgan asarlari ijro etildi. Ijodiy kechada “Bulbulcha” bolalar xor jamoasi, O‘zbekiston davlat Akademik xalq cholg‘ulari orkestri, “Registon” ansambli qatnashdilar. Konsertni Kamoliddin Azimov olib bordi.

Konsertni “Bulbulcha” bolalar xor jamoasi “Kulishlaring” qo‘shig‘i bilan ochib berdi. Jamoasi asarni maromiga yetkazib ijro etib tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘ldi. M.Otajonovning ijodida bolalar qo‘shig‘i va bolalar xori uchun asarlar alohida ahamiyat kasb etadi. Uning bolalar uchun asarlari sevib ijro etib kelinmoqda.  Farangiz Haydarova ijrosida fortepiano uchun uch qismli sonata tinglovchilar e’tiboriga havola etildi. Asar texnik jihatdan murakkab va ko‘p fakturali bo‘lsa-da, ijrochi uni yuqori darajada ijro etdi.

Muhammadali Qodirov M.Otajonovning fortepiano uchun “Shamollar” deb nomlangan etyudini ijro etdi. Bu asarda buyuk romantik kompozitor F.Shopen etyudlariga xos jihatlarni ham ko‘rish mumkin.

Ikkita fortepiano uchun yozilgan “Bahor tarovati” asarini esa Mahmud Abdulazizov va Yusuf Ismoilov ijro etdilar. Bu asar ijro etilganda chindan ham bahor tarovati, uning nafosatiyu go‘zalligi sezilib turadi.

“Registon” ansambli uchun qayta ishlangan “Panjorlama” asari ritmik xilma-xillikka boy bo‘ldi.

O‘zbekiston davlat Akademik xalq cholg‘ulari orkestri “Yoshlar madhiyasi”ni ijro etdilar. Asar o‘zining yorqinligi, tinglovchining qulog‘iga tez singib borish xususiyati bilan ajralib turadi.

“Konsert” chang va xalq cholg‘ulari orkestri uchun asarni yakkaxon sozanda, Respublika va xalqaro tanlovlar sohibi Abduvahob Qurbonov ijro etdi. Uning talqinida o‘zbek xalq cholg‘usi bo‘lmish changning barcha ijro imkoniyatlari yaqqol ko‘zga ko‘rindi desak, adashmaymiz.

“Konsert” qashqar rubob va xalq cholg‘u orkestri uchun yozilgan asarni yakkaxon sozanda, Respublika va xalqaro tanlovlar sohibi Dilshod Fozilov ijro etdi. Ushbu asarda qashqar rubobni ham texnik, ham kuychang lirik cholg‘u ko‘rinishida ko‘rish mumkin.

Ijodiy kechaning so‘ngida “Toshkent oqshomlari” va “Yog‘dular” asarlari O‘zbekiston davlat Akademik xalq cholg‘u orkestri va muallifning o‘zi tomonidan ijro etildi. Kechaga tashrif buyurganlar Muhammad Otajonovning mohir fortepiano ijrochisi ekanligiga yana bir bor guvoh bo‘ldilar. M. Otajonovning 60 yillik yubileyiga bag‘ishlangan ijodiy kecha barcha musiqa shinavandalarida ijobiy taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasi 

Estrada san’ati fakultetining 3-kurs talabasi

Omonjonova Marjona

Share