F.M.Yanov-Yanovskiyning mualliflik konserti

F.M.Yanov-Yanovskiyning mualliflik konserti

“Davr sadolari – IV”Respublika musiqa festivali doirasida 2019-yil 14-oktabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, kompozitor Feliks Markovich Yanov-Yanovskiy tavalludining 85 yilligiga bag‘ishlangan mualliflik konserti bo‘lib o‘tdi.

Konsertda kompozitorning simfonik orkestr va yakkaxon ijrochilar uchun yaratganyangi ijod mahsullari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asarlarni dirijor Alibek Kabduraxmanov boshchiligidagi “O‘zbekiston milliy simfonik orkestri”ijro etdi. Yakkaxon ijroda xalqaro tanlovlar laureati, A.Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatrining xonandasi  N.Bandelet bo‘ldi. Konsert avvalida O‘zbekiston bastakorlar uyushmasi raisi R.Abdullayev, rais muovini X.Rahimov, “Bastakorlik va cholg‘ulashtirish” kafedrasi dotsenti X.Hasanova kompozitorni ayyom bilan qutlab, esdalik sovg‘alarini topshirdilar. Konsert dasturi ikki  bo‘limdan tashkil topdi:

Birinchi bo‘lim:

  1. “Jimjitlik” (Nepodvijnost). Orkestr uchun.
  2. “Soyalar maydoni”, 2daftar (“Prostranstvo teney”, 2 tetrad). Orkestr uchun 5 qismda.

Ikkinchi bo‘lim:

  1. Ashula (Pesnopenie). Ovoz va orkestr uchun.
  2. Fabula – 8. Erkaklar xori va orkestr uchun.

Konsertning Kirish qismida “Jimjitlik” asari ijro etildi. Asar boshlanishidanoq tinglovchilarni o‘ziga jalb etdi. F.M.Yanov-Yanovskiyning 5 qismli orkestr uchun yozilgan “Soyalar maydoni” asari  XX asrning atoqli kompozitorlari G.Maler, R.Vagner, D.Shostakovich, K.Debyussi, A.Skryabinlarning xotirasiga bag‘ishlangan. Kompozitorning o‘zi bu haqida quyidagi fikrlarni bildiradi: “Asarimning 5 qismi go‘yoki XX asr kompozitorlarining ramzi va soyalaridir”. Eng hayratlanarlisi, kompozitor asarlarni shu darajada yuksak mahorat bilan yaratganki, hatto qismlarning nomi va kimga bag‘ishlanganini bilmay turib ham, tinglovchi F.Yanov-Yanovskiy qaysi hamkasbining soyasini yaratayotganligini to‘g‘ri anglashi mumkin. Musiqa san’atining kuchi va jozibasi ham ana  shunda bo‘lsa kerak. Qolaversa, o‘tmish kompozitorlarining an’analarini o‘rganish, ularni zamon ruhida talqin etish, har bir yetuk ijodkorning ham burchi, ham vazifasidir. Shu ma’noda, ustozning ushbu sa’y-harakatlari biz ijodkor yoshlarga ibrat bo‘la oladi.

Dirijor Alibek Kabduraxmanov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy simfonik orkestri asarlarni yuksak mahorat bilan ijro etdi.

10 daqiqalik tanaffusdan so‘ng, konsertning ikkinchi bo‘limi boshlandi. Ilk bor sahna yuzini ko‘rgan ovoz va orkestr uchun “Pesnopenie” (“Ashula”) asarini e’lon qilishdan avval boshlovchi – O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, musiqashunos I.S.Gulzarova bu qadimiy janr haqida ma’lumot berib o‘tdi. “Pesnopenie” (“Ashula”) – bu diniy xarakterdagi tantanali ashula yoki she’riy matndir. Boshlovchi tomonidan berilgan o‘ziga xos janr haqidagi ma’lumotlar talabalar va musiqa shinavandalari uchun  foydali bo‘ldi. Qolaversa, asarning asl g‘oyasini anglashga yordam beradi. Ushbu asarni xalqaro tanlovlar laureati N.Bondelet  orkestr jo‘rligida ijro etdi.

Erkaklar xori va orkestr uchun “Fabula – 8”  ham kompozitorningyangi ijod mahsullaridan biri bo‘lib, konsertda uning premerasi bo‘lib o‘tdi. Asarni  O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi MTS erkaklar xor jamoasi va orkestr ijro etdi. Afsuski, asarning ilk ijrosida kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yildi. Erkaklar xori asarni orkestrning orqasida o‘tirgan holatda ijro etishdi. Bu esa, ovozning tinglovchilar zaliga eshitilish darajasini pasaytirdi. Qolaversa, ijro etayotgan xor tomoshabinlarga ko‘rinmay qoldi.

Xulosa qilib aytsak, bunday konsertlar konservatoriya professor-o‘qituvchilari, ayniqsa, kompozitorlik san’atini o‘rganayotgan talabalar uchun chinakam ma’naviy ozuqa hamda mahorat darsi bo‘lib xizmat qilishi shubhasizdir.

 Noila Abdurahmonova, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Musiqa san’ati fakultetining 3-kurs talabasi.

Share