ILM-FANGA QARATILAYОTGAN E’TIBOR

ILM-FANGA QARATILAYОTGAN E’TIBOR

Yurtimizda jamiyat hayotining barcha jabhalariga, barcha sohalarga katta e’tibor berib kelinmoqda. Bu e’tibor tufayli ko‘pgina yutuqlarga erishilmoqda. Ana shunday katta e’tibor qaratilayotgan sohalardan biri bu – ilm-fan sohasidir. Bu bejizga emas, albatta. Ayniqsa, so‘nggi yillarda butun dunyoda fan-texnika yutuqlari, yangi innovatsion g‘oyalardan keng va samarali foydalanilayotganini hisobga olsak, bu soha rivoji uchun qilinayotgan sa’y-harakatlarning dolzarbligi yanada ortadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi ishchi guruhining Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 22 iyul kuni qabul qilingan “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunibu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu qonunning maqsadi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat bo‘lib, 6 ta bob, 46 moddadan iborat. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasidagi vakolatli organ, deya e’tirof etilgan. Ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy prinsiplari sifatida ilmiy ijod va axborot erkinligi, samaradorlik va ijodiy raqobat, manfaatdorlik va rag‘batlantirish, ilmiy ekspertizaning xolisligi, inson hayoti va salomatligi, atrof tabiiy-muhitga zarar yetkazmaslik kabi prinsiplar qayd etilgan. Qonunda ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy yo‘nalishlari, ilmiy faoliyat yurituvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari, davlat ilmiy dasturlari, ilmiy darajali kadrlarni tayyolash, ilmiy ekspertiza va ilmiy ishlanmalarni baholash, ilmiy faoliyatning axborot ta’minoti, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasi hamda ilmiy loyihalarni moliyalashtirish, ilm-fan va ilmiy faoliyat sohasida xalqaro hamkorlik masalalariga alohida urg‘u berilgan. Yosh avlodni ilm-fan va ilmiy faoliyatga jalb qilish masalasiga ham e’tibor qaratilib, bu muhim masala qonunning 11-moddasida o‘z aksini topgan. Qonunning 15-moddasida esa davlat ilmiy tashkilotlarining ilmiy faoliyat yurituvchilariga qirq sakkiz ish kunidan iborat yillik haq to‘lanadigan hamda moddiy yordamni ko‘zda tutgan mehnat ta’tili berilishi, ularning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari, laboratoriyalarda, shu jumladan, chet elda amaliyot o‘tashlari yoki malaka oshirishlari uchun bir yilgacha muddatga ta’til berilishi ko‘rsatilgan.

Ilm-fan, xususan ilmiy faoliyat hozirgi kunda dunyodagi istalgan mamlakat rivoji uchun o‘ta muhimdir. Chunki ijtimoiy hayotning ko‘pgina sohalari o‘z rivojida ilm-fan yutuqlari, ilmiy ishlanmalardan keng foydalanib kelmoqda.  Bu kabi ishlarning mana shunday qonun bilan tartibga solinishi esa shu yo‘nalish va sohada faoliyat olib borayotgan ilmiy faoliyat sub’ektlarining huquq va majburiyatlarini kafolatlaydi, deb ishonamiz.

Ma’lumot o‘rnida shuni ham eslatib o‘tar edikki, ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Qonunning 15-moddasi ikkinchi qismi esa 2020 yil 1 yanvardan e’tiboran amalga kiritiladi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sayyora Gafurova

Share