USTOZ VA TALABALARNING MEHRIBONLIK UYI TARBIYALANUVCHILARI BILAN UCHRASHUVI

USTOZ  VA TALABALARNING MEHRIBONLIK UYI TARBIYALANUVCHILARI BILAN UCHRASHUVI

Joriy yilning 20 oktabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasi “O‘zbek maqom san’ati” va “Estrada san’ati” fakultetlari o‘qituvchilari va talabalari Toshkent shahar, Yunusobod tumanidagi 21-sonli Mehribonlik uyiga tashrif buyurdilar. Ushbu dargohga borishdan asosiy maqsad – bolalarni musiqa olami bilan yaqindan tanishtirish, jumladan, o‘zbek milliy maqom san’ati hamda o‘zbek estrada san’ati haqida ma’lumot berish va turli musiqa namunalaridan bolalarni bahramand etish edi.

Ushbu uchrashuvda “O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasi mudiri Ch.Ergasheva, o‘qituvchi G.Xusainova, “Estrada xonandaligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi N.Omonova, musiqashunos talabalardan M.Ashurova, M.O‘tbosarova, N.Sotiboldieva, D.Mamadalieva, B.Gaffarova; an’anaviy ansambl ishtirokchilaridan S.Jumanov, X.Xoliqov, A.Yusufjonov, R.Ro‘zmatov, B.Mamadaliev; estrada xonandaligi kafedrasi talabalaridan F.Farhodov va M.Mirzaevalar ishtirok etdilar.

Ma’ruza-konserti shartli ravishda ikki bo‘limdan iborat bo‘ldi. Avval maqom san’ati, so‘ngra estrada san’ati haqida ma’lumotlar berildi. An’anaviy ijrochilik ansambli ham cholg‘u kuylari, ham ashulalardan  iborat dasturlarni ijro etdilar. Estrada xonandalari o‘zbek va xorijiy estrada namunalarini ijro etib, konsert so‘nggida ustoz va talabalar bolajonlar bilan birga raqs tushdilar.

O‘qituvchi va talabalar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilariga ko‘plab adabiy kitoblarni beg‘araz asosda sovg‘a qildilar.

Musiqashunos talabalar tomonidan tuzilgan konsert dasturi barchaga manzur bo‘ldi. Eng asosiysi, bolalar ko‘zida san’atga bo‘lgan qiziqish va quvonch uchqunlari jilvalanib, tashrif buyurgan ustoz va talabalarni yangi marralar sari undadi.

Share