“Til bor ekan, millat barhayot!” – O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi

“Til bor ekan, millat barhayot!” – O‘zbekiston davlat konservatoriyasida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi

O‘zbek tili eng qadimgi tillardan biri bo‘lib, uning XX asrning boshlanishiga qadar bo‘lgan davri eski o‘zbek tili deb yuritiladi. Eski o‘zbek adabiy tilining teranligi, ixchamligi kabi xususiyatlari hozirgi o‘zbek tiliga o‘tgan. Quvonarlisi, o‘zbek tili dunyodagi 40 ga yaqin yirik tillardan biridir. Hozirgi zamon o‘zbek tili eng boy adabiy tillardan bo‘lib, adabiyotimizning yirik namoyondalari bu tilda o‘zlarining shoh asarlarini yaratganlar. Davlatchiligimizning, ma’naviyatimizning tiklanishida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu ulkan tarixiy hodisa 1989 yil 21 oktabrda qabul qilingan Qonunda o‘z aksini topgan. Bu Qonun milliy madaniy merosimizning tiklanishi, jamiyatimizning ma’naviy rivojida muhim o‘rin tutib, ko‘plab tarixiy nomlar tiklandi, ijtimoiy hayotimizda o‘zbek tilining ahamiyati ortdi, dunyo davlatlari bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bugun o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston davlat konservatoriyasida katta bayram  tadbiri o‘tkazildi.

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sayyora Gafurova so‘zga chiqib, ustoz-murabbiylarni hamda talaba-yoshlarni ushbu bayram bilan samimiy qutladi.

So‘ngra sahnaga O‘zDKning “O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasining dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Sayyora Hamdamova, taklif etilgan mehmonlardan O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi bo‘lim mudiri, adabiyotshunos olim Abdurasul Eshonboboev, O‘zDK magistri Avazxon Xoshimovlar taklif qilindi.

So‘zga chiqqanlar inson go‘zalligi, ma’naviyati, buyuk merosi, hatto olam barqarorligining ham asosi til ekanligini, shu sababdan onadek aziz ona tilimizni asrab-avaylash, e’zozlash barchamizning muqaddas burchimiz ekanligini yana bir bor ta’kidladilar. Tadbir davomida kuylar va estrada qo‘shiqlari ijro etildi.

Bayram nihoyatda ko‘tarinki kayfiyatda, o‘zgacha bir shukuhda o‘tib, yig‘ilganlarga haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi. Barchangizni bugungi bayram bilan yana bir bor tabriklaymiz!

                                                                                                                                                                                                                                                                                           O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Axborot xizmati.

 

 

Share