“SHARQ TARONALARI” XII XALQARO MUSIQA FESTIVALI BOSH SOVRINI SOHIBASINING KONSERVATORIYA TALABALARI BILAN UCHRASHUVI

“SHARQ TARONALARI” XII  XALQARO MUSIQA FESTIVALI BOSH SOVRINI SOHIBASINING KONSERVATORIYA TALABALARI BILAN UCHRASHUVI

Kecha, 4 oktyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida “Sharq taronalari” XII Xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini –Gran-pri sohibasi Mehrinigor Abdurashidovaning talabalarbilan uchrashuv-tadbiri bo‘lib o‘tdi.

“Sharq taronalari” XII Xalqaro musiqa festivali Hakamlar hay’ati a’zosi, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori Oydin Abdullaeva Mehrinigorning ijod yo‘li, festivaldagi taassurotlari, unda Mehrinigorning ishtiroki haqida so‘zlab, uning keyingi ijodida ulkan parvozlar tiladi.

Kutilganidek samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda M. Abdurashidova Respublika “Yosh maqom ijrochilari” ko‘rik-tanlovi laureati
N. Sunnatullaev va O‘zbekiston davlat konservatoriyasi talabasi
M. Alievlar bilan birga S. Jo‘raev musiqasi “Rohatijon” hamda Xorazm xalq kuylaridan “Termalar”ni ijro etishdi. Shuningdek, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurahmon Xoltojiev rahbarligidagi “Maqom” ansambli jo‘rligidagi diltortar kuylarM. Abdurashidova ijrosida yangradi.

Dunyo xalqlari milliy musiqa madaniyati an’analarini asrab-avaylash, targ‘ib etish, tili, dini, millatidan qat’iy nazar, barcha xalqlarni san’at orqali yaqinlashtirish va ular o‘rtasida do‘stlik aloqalarini mustahkamlaydigan nufuzli festivalda bosh sovrinni qo‘lga kiritgan M.Abdurashidova kabi yoshlarimiz boshqalarga  o‘rnak bo‘libgina qolmay, ularni yangi marralarga chorlaydi deb ishonamiz. O‘z navbatida M.Abdurashidovaning keyingi ijodiy faoliyatiga omad va muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Share