MADANIYAT VAZIRINING SURXONDARYO VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRIGA TASHRIFI

MADANIYAT VAZIRINING SURXONDARYO VILOYAT MUSIQALI DRAMA TEATRIGA TASHRIFI

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Baxtiyor Sayfullaev Surxondaryo viloyatiga safari chog‘ida viloyat musiqali drama teatriga tashrif buyurdi.

Joriy yilning 24 sentabr kuni Surxondaryo viloyati musiqali drama teatrida “Bizning teatr” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman tashkil etildi. Ilmiy-amaliy anjumanda “Rejissura va rejissyorlarning teatr ijodiy faoliyatida tutgan o‘rni”, “Teatr tarixi va bugungi faoliyati, teatrning jamiyat hayotida tutgan o‘rni”, “Ustoz-shogirdlik an’analari”, “Teatr ijodiy faoliyatida dramaturgiyaning o‘rni va muammolar” kabi mavzularda ma’ruzalar qilindi.

Anjuman doirasida Surxondaryo San’at saroyi zalida teatr ijodiy faoliyatini aks ettiruvchi ko‘rgazma tashkil etildi. Ko‘rgazmada teatr  repertuaridan o‘rin olgan spektakllarning liboslari, eskizlari, rassomlarning ijodiy ishlari, programma va afishalar, teatr ijodiy faoliyatiga oid kitoblar, tarixiy siymolar obrazlarining liboslari, “Teatr mening hayotimda” mavzusidagi fotosuratlar namoyish etildi.

Tadbir so‘ngida teatr jamoasi tomonidan Komil Hamroev asari asosida rejissyor Farhod Boltaev tomonidan sahnalashtirilgan “Ziyo qal’asi” spektakli namoyish qilindi. B.Sayfullaev mazkur spektaklni yuqori baholab, bu kabi tadbirlar viloyatda madaniyat va san’atning rivojiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Share

Tavsiya etilgan