SIRTQI TA’LIM SHAKLI UCHUN SUHBATLAR BOSHLANDI

SIRTQI TA’LIM SHAKLI UCHUN SUHBATLAR BOSHLANDI

So‘nggi yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida ehtiyoj yuqori bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashni ta’minlash, xorijiy tajribalar asosida oliy ta’limning o‘quv reja va dasturlarini ishlab chiqish, ta’lim jarayoniga yangi pedagogik texnologiyalar va o‘qitish usullarini keng joriy etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 17.06.2019 yildagi “2019/2020 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi N PQ-4359-sonli qarorining 6-bandiga asosan, “Oliy ta’lim muassasalariga 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab vazirlik, idora va yirik xo‘jalik birlashmalarining (ish beruvchilar) ehtiyojlaridan kelib chiqib, kunduzgi ta’lim shaklining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos bo‘lgan yo‘nalishlar doirasida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida sirtqi va kechki ta’lim shaklida o‘qitishni tashkil etish huquqi berilsin.

Bunda, o‘qishga qabul qilish tegishli ish beruvchilarning tavsiyasi asosida kamida besh yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlar hisobidan keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan ish faoliyatiga mos bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat natijalariga asosan amalga oshiriladi” deyilgan. Qarorga muvofiq, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida ham sirtqi bo‘limlar ochildi va 2019/2020 o‘quv yilidasirtqi ta’lim shakli uchun suhbatlar joriy yilning 13 avgustidan boshlandi.

Bugun 126 nafar “Xalq cholg‘ulari” ta’lim yo‘nalishida sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qish istagini bildirgan abiturientlar suhbatdan o‘tmoqdalar.

 Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori, professor B.Sayfullaev sirtqi bo‘limlarda o‘qish uchun o‘tkazilayotgan suhbat jarayoni bilan tanishdi.

Suhbatlarning talab darajasida o‘tkazishborasida ham B.Sayfullaev kerakli yo‘l-yo‘riq va tavsiyalarni berdi.

Share