O‘ZBEKISTON DAVLAT KONSERVATORIYASIDA 2019/2020 O‘QUV YILI UCHUN QABUL DAVOM ETMOQDA

O‘ZBEKISTON DAVLAT  KONSERVATORIYASIDA 2019/2020 O‘QUV YILI UCHUN QABUL DAVOM ETMOQDA

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-sonli Qaroriga asosan O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga hujjatlar 2019 yil 10 iyul soat tungi 00:00 ga qadar qabul qilinadi.

2019 yil 11-15 iyul kunlari hujjat topshirgan abiturientlar uchun ixtisosliklari bo‘yicha maslahatlar o‘tkaziladi.

2019/2020 o‘quv yili qabulini yuqori sa’viyada tashkil qilish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasiga asosan abiturientlar, ularning ota-onalari uchun hujjat topshirish jarayonida sog‘lom muhit, yetarli uslubiy, tibbiy, maishiy shart-sharoitlar yaratilgan. Oshxona, tibbiy xonalar doimiy ravishda faoliyat ko‘rsatib turishi ta’minlanmoqda.E’lonlar taxtasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi “Oliy ta’lim muassalariga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqidagi” 393-son Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 31 oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga beriladigan imtiyozlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-213-son qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil
11 iyuldagi 205-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Kurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarni Oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom, Qabul komissiyasi tarkibi, mas’ul xodimlarning fuqarolarni qabul qilish vaqti va joyi, qabul komissiyasining ish vaqti kabi ma’lumotlar joylashtirilgan. Abiturientlar va ularning ota-onalarining qabul to‘g‘risidagi murojaatlariga tezkor javob olishga yordam beruvchi aloqa markazida (Сall center (0371) 244-61-57) faoliyat yuritadigan xodimlardan iborat Ishchi guruhi shakllantirilgan.

“Ezgu niyatim Konservatoriyaga kirib o‘qish, – deydi Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridan kelgan abiturient Shahlo Baxtiyorova. Niyatlarim amalga oshib talaba bo‘lsam, o‘qishni tugatib o‘zim o‘qigan Qarshi ixtisoslashtirilgan san’at kollejiga borib olgan bilimlarimni yosh avlodga yetkazish, yurtimiz musiqa san’ati rivojiga o‘z hissamni qo‘shsam deyman”.

Jizzax ixtisoslashtirilgan san’at maktabi rahbariyatining tavsiyanomasi asosida bakalavr sirtqi ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirgan Rasulov Emomali ham kelajakda tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim olib, o‘z sohasining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishish niyatida.

Share