“XALQ CHOLG‘ULARI IJROCHILARI” RESPUBLIKA TANLOVI (2019 YIL 29 IYUN – 6 IYUL)

“XALQ CHOLG‘ULARI IJROCHILARI” RESPUBLIKA TANLOVI (2019 YIL 29 IYUN – 6 IYUL)

Bugun, 2019 yil 29 iyun kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida “Xalq cholg‘ulari ijrochilari” Respublika tanlovining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov ochib berib, bugungi kunda yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar, rag‘batlantirishlar haqida so‘zlab, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2019 yil 24 iyundagi 382-sonli buyrug‘iga asosan har ikki yilda bir marta o‘tkazilishi  belgilangan “Xalq cholg‘ulari ijrochilari” Respublika tanlovini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – xalq cholg‘ularida ijrochilik san’atini yanada yuksaltirish, mohir ijrochilarni kashf etish, yosh ijrochilarning iste’dodi va ijodiy qobiliyati hamda ijrochilik ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish, maqom san’ati, milliy mumtoz, jahon klassik musiqasining durdona asarlari va kompozitorlik ijodiyotidan bahramand bo‘lishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, o‘zbek xalq cholg‘u musiqa ijrochiligi madaniyatini yuksak darajaga ko‘tarish, milliy san’atimizni dunyo sahnalariga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish hamda ularning ijodini keng targ‘ib qilish, xalq cholg‘ularining o‘ziga xos xususiyatlari bilan ommani tanishtirish, shuningdek, iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashdir.

Ushbu tanlovda xalq cholg‘ulari bo‘yicha 20ga yaqin ijodiy jamoa va ta’lim muassasalarining 100ga yaqin sozandalari qatnashmoqda. Ishtirokchilar belgilangan nizomga asosan xalq cholg‘ulari ijrochiligi yo‘nalishida 7ta nominatsiya bo‘yicha o‘zaro bellashadilar. Tanlov uch bosqichda o‘tkaziladi.

Hakamlar hay’ati a’zolari ishtirokchilarning ijro mahoratlarini har bir turda 25 ballik tizim asosida baholab boradilar. G‘oliblar yakuniy tur natijalariga ko‘ra aniqlanadi.

Shuni ham alohida e’tirof etish lozimki, tanlovning birinchi o‘rin sovrindorlari madaniyat va san’at yo‘nalishidagi Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga imtiyozli ravishda o‘qishga kirish huquqini qo‘lga kiritadilar.

Respublika tanlovi 2019 yil 6 iyulga qadar o‘z ishini davom ettiradi.

Share