SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ

SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 34 ta bitiruvchining magistrlik dissertatsiyalari himoyasi bo‘lib o‘tdi. Faxr bilan aytish mumkinki, bu bitiruvchilar katta san’at maktabida o‘z o‘rnini topgan, O‘zbekiston nomini katta sahnalarda jaranglatgan yoshlardir. Ular orasidan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matmusaeva Milana (akademik xonandalik), Xalqaro tanlovlar sovrindori Jumaev Sardor (skripka), Tursunov Sardor (skripka), Sobirov Sodiq (puflama zarbli cholg‘u), Mirsamadov Bobur (fortepiano)larni misol qilib keltirish mumkin. Musiqashunoslardan Tursunxodjaeva Shahloning “Zamonaviy kompozitorlik ijodida iqtibos masalasi” nomli magistrlik dissertatsiyasi Davlat Attestatsiya Komissiyasi tomonidan musiqa sohasidagi eng dolzarb mavzudagi ilmiy ish sifatida e’tirof etilib, yuqori baholandi. Bu yil birinchi marotaba “Opera simfonik dirijorlari” mutaxassisligi bo‘yicha magistrlar konservatoriyani bitirdilar. Ular orasida O‘taev Akmal, Xabibov Miraz, Karabaev Majidlar jahon kompozitorlari operaralariga dirijorlik qilish bilan birga dolzarb mavzudagi magistrlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. Ovoz rejissyorligi kafedrasida ham yutuqlar katta.Abdullaev Davron, Abdurazzoqov Xudoyberdi va Ismatullaev Axrorjonlar bugungi kunda Toshkentdagi ovoz yozib olish studiyalarida samarali mehnat faoliyatlarini olib bormoqdalar. Fortepiano ijrochilaridan Mirsaidov Bobir organ cholg‘usida ijro etayotgan yagona ijrochidir. “Bitiruvchilar dissertatsiya mavzularida zamonaviy san’at muammolarini yoritib berishga va ularning yechimini topishga muvaffaq bo‘lganlar.Himoyalar yuqori sa’viyada o‘tdi. Bitiruvchilar o‘z sohasining yetuk mutaxassislari bo‘lishga intilib, yangi tashabbuslar bilan maydonga chiqishyapti”, deydi Magistratura bo‘limi boshlig‘i, San’atshunoslik bo‘yicha falsafa doktori (Phd)Moxina Abrarova quvonch bilan.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri – O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori B. Sayfullaev o‘z dissertatsiyalarini himoya qilgan magistrlarni qutlab, ularning yurtimiz professional musiqa san’atini yanada rivojlantirish yo‘lidagi ishlarida muvaffaqiyatlar tiladi.

 

 

Share