BAYRAMI KUNLARIDA XAYRIYA TADBIRI

BAYRAMI KUNLARIDA XAYRIYA TADBIRI

Davlatimiz rahbari yoshlarning musiqa, rassomchilik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, ularning iste’dodini yuzaga chiqarish maqsadida ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Kichik zalida Xalqaro bolalar kuni va Xayit ayyomi munosabati bilan “Turkiston” kamer orkestri va Xalqaro va Respublika ko‘rik-tanlovlari g‘oliblari ishtirokida joriy yilning iyun oyida xayriya konserti o‘tkazildi.

Konsert dasturi goboy va goboy D’amur cholg‘ulari uchun maxsus yozilgan asarlardan tashkil topgan bo‘lib, ularning ilkijrosi, ya’ni premerasi  tinglovchilarga taqdim etildi.Konsertda taniqli kompozitor Feliks Yanov-Yanovskiyning konsert janrida goboy uchun hozirgi kunda yagona bo‘lgangoboy va torli orkestri uchunyozilgan asari O‘zbekiston davlat konservatoriyasining 2-kurs magistri Sodiq Sobirov ijrosida taqdim etildi.

Birinchi bor konsert sahnasida goboyning oiladoshlaridan bo‘lgan noyob D’amur cholg‘usida I.S.Baxning Goboy va kamer orkestri uchun yaratilgan konserti yana bir bor Sodiq Sobirov ijrosida yangradi. Ijrochining ijro mahorati tinglovchilar tomonidan olqishlarga sazovor bo‘ldi. Xayriya tadbirining yana bir ijrochisi, bakalavr 4-bosqichtalabasi Abbosxon Akbarov ijrosida A.Lebrun qalamiga mansub Goboy va orkestr uchun 1-sonli (d-moll) konserti yangradi.

Konsert dasturi A.Paskullining “Traviata” operasi mavzulariga Fantaziya asari bilan yakunlandi. Asar virtuoz xarakterda yozilganligi uchun ijrochidan katta mahorat talab etiladi. Orkestrda yangragan opera mavzulariga goboy cholg‘usi imkoniyatlarini to‘liq ochib beriladigandarajadagi passajlar, qaytarma nafasva tez sur’atda murakkab shtrixlar ijrosi yakkaxon Sodiq Sobirov tomonidan to‘liq bajarilib tinglovchilarning olqishlari bilan taqdirlandi.

“Turkiston” kamer orkestrining badiiy rahbari va dirijori,O‘zbekiston san’at arbobi Eldor Azimovning chin ma’nodagi mahorati sababli tadbir yuksak saviyada o‘tdi. Kompozitorlar va ijrochilar, shuningdek, asarlar haqidagima’lumotlar ikki tilda musiqashunos, professor Dilora Muradova tomonidan atroflicha va mufassal berib borildi.

Xayriya tadbiri yakunida O‘zbekiston davlat konservatoriyasiningO‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektori Avaz Mansurov konsert haqida  fikrlarini bildirib, kompozitor F.Yanov-Yanovskiy, orkestr sozandalari, yakkaxonlar va alohida Eldor Azimov va Dilora Muradova, shuningdek, tadbir tashabbuskori va yakkaxon ijrochilarning ustozi Ravshan Nigmatovlarga o‘z minnatdorchiligini bildirib, tadbirga taklif etilgan Toshkent shahar Xalq ta’limi bosh boshqarmasi tasarrufidagi 77-sonli ixtisoslashtirilgan ko‘zi ojizlar maktab-internati o‘quvchilariga tashkilotchilar tomonidan kitoblar sovg‘a qildi.

 

Share