YOSHLIK NAVOLARI

YOSHLIK NAVOLARI

O‘zbekiston davlat konservatoriyasida bir necha xalq cholg‘ulari talabalar orkestrlari mavjud bo‘lib, bular orasidan Xalq cholg‘ulari talabalar Katta orkestr hamisha ajralib turadi. Bu orkestrga eng iqtidorli, a’lochi, shijoatli, mahoratli talaba-yoshlar maxsus tanlovasosidaqabul qilinadi. Orkestr muntazam ravishda konsert dasturlarini taqdim  etib, o‘z muxlislariga ega bo‘lgan jamoaga aylanib ulgurgan.

Joriy yilning 28 may kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Katta zalida Xalq cholg‘ulari talabalar Katta orkestrining “Yoshlik navolari” deb nomlangan konsertibo‘lib o‘tdi. Konsertda orkestr ijrochilari yakkaxon sozanda sifatida o‘zlarini namoyon etib, o‘zbek va jahon kompozitorlari asarlarini yuksak mahorat va yoshlarga xos zavq-shavq bilan ijro etdilar. Ta’kidlash joizki, mazkur jamoa rahbari va dirijori “Orkestr dirijorligi” kafedrasi mudiri G‘. Abrorov dasturlarni tuzishda ustozlari
F. Abdurahimova, Z. Haqnazarov, V. Neymer an’analarini munosib davom ettirmoqda. Konsertda O‘zbekistonda ilk marotaba xalq cholg‘ulari orkestri uchun moslashtirilgan xorijiy mualliflarning asarlari yangradi.

Quvonarlisi shundaki, orkestrda ijrochilik mahoratini o‘zlashtirgan talaba-yoshlar bugungi kunda respublikada faoliyat yuritayotgan orkestr jamoalarida ijrochi siftida munosib faoliyat yuritib kelmoqdalar.

Tadbirni san’atshunoslik fanlari doktori (PhD), musiqashunos
M. Abrorova olib bordi. Boshlovchi davlatimiz tomonidan yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor, Prezidentimizning ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusi haqida fikrlarini bildirdi.

O‘tkazilayotgan bunday tadbirlar yoshlarning ma’naviy dunyosiga ijobiy ta’sir etib, ijrochilik mahoratini namoyish etishga xizmat qiladi.

Share