Yoshlarga ko’mak

Yoshlarga ko'mak

Mamlakatimizda so‘ngi yillarda madaniyat va san’at sohasiga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda. Davlatimiz rahbarining sohaga tegishli qaror va farmonlari imzolanib, belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan samarali ishlar olib borilmoqda. Hususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-3325-sonli Qarori shular jumlasidandir.

 

Ushbu qarorga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilgan bo‘lib, jamg‘arma moliyaviy, tashkiliy va ijodiy yo‘nalishlarda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish asosida madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, madaniyat arboblarini hamda tasviriy san’at, adabiyot, teatr, musiqa va xoreografiya sohalarida ularning tashabbusi bilan tashkil etiladigan tadbirlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, xalqaro va davlatlararo madaniy aloqalarni kengaytirish, madaniyat va san’at sohasida xalqaro madaniy tashkilotlar va xayriya jamg‘armalari bilan hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy sarmoya va grantlarni jalb etish, mamlakatimizda madaniyat va san’atga doir homiylikni rivojlantirishga ko‘maklashish, madaniyatlararo ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish va o‘zbek san’atining jahon badiiy va madaniy makoniga integratsiyalashuviga ko‘maklashish, shuningdek, mamlakatimizning madaniy va ilmiy-texnik salohiyati hamda raqobatdoshligi bilan bog‘liq jihatlarni namoyish etish, xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda, mamlakatimiz muzeylari va boshqa madaniy muassasalari faoliyati samaradorligini oshirish tizimini takomillashtirishga ko‘maklashish, xalqaro standartlarga muvofiq yangi madaniy muassasalar qurish uchun moliyaviy mablag‘ va ko‘mak berish, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tizimidagi muassasalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni kapital hamda joriy ta’mirlash, xalqaro institutlar, xorijiy mamlakatlar hukumatlari, homiylar va donorlari bilan hamkorlikda loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni tashkil etishni ta’minlash, jahondagi ilg‘or tajribalarni mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha takliflar tayyorlash maqsadida madaniyat va san’at sohasini moliyalashtirish bo‘yicha rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish va sohaga doir boshqa bir qator vazifalar yuzasidan keng ko‘lamli va samarali ishlarni olib bormoqda.

Bugun ushbu jamg‘armaning boshqarma boshlig‘i M.Badalova, jamg‘arma mutaxasislari O‘zbekiston davlat konservatoriya o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor A.Mansurov bilan birgalikda O‘zbekiston davlat konservatoriyasida tahsil olayotgan talaba-yoshlar bilan uchrashdilar va jamg‘arma faoliyati hamda olib borilayotgan ishlar, loyihalar to‘g‘risida taqdimot shaklida ma’lumotlar berdilar. Talaba-yoshlar uchun mavjud imkoniyatlar, grantlar, stipendiyalar, ularda ishtirok etish tartibi, taqdim etiladigan hujjatlar va boshqa bir qator ma’lumotlarni berib o‘tdilar. Uchrashuv davomida talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar. Bu borada O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining konservatoriyadagi boshlang‘ich tashkiloti bilan samarali hamkorlik ishlari olib borilishi hususida kelishib olindi. Bu kabi uchrashuvlar chin ma’noda yoshlarni faolligini oshirib, ilm olishlari va soha mutaxasisi bo‘lib yetishishlari yo‘lida ko‘mak olishlarida ko‘prik vazifasini o‘tashi shubhasiz.

 

Share