Yaponiya san’at delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

Yaponiya san’at delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv

Joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari qadim Shahrisabz shahrida O‘zbekistonda ilk marotaba tashkil etilgan Xalqaro maqom anjumani bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjumanda ko‘plab xorijiy davlatlardan musiqashunoslar, professorlar, soha bilimdonlari, yosh izlanuvchilar va ijrochilar o‘z ijro dasturi hamda ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.

Anjumanda boshqa ko‘plab mamlakatlar qatorida kunchiqar yurt vakillari Xaruka Tachibana, Kyooko Ivamoto va bir guruh sozandalar ham ishtirok etib, yakunda 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

 

Ushbu sozandalar jamoasi 13-sentyabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasiga tashrif buyurdi. Ularni o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor A.Mansurov, moliya-iqtisod ishlari bo‘yicha prorektor I.Tursunbaev, xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i E.Mamajonova hamda professor A.Tashmatovalar kutib olishdi. Mehmonlarni tashrif bilan samimiy qutlab, ularni konservatoriya faoliyati bilan yaqindan tanishtirishdi. Mehmonlar O‘zbekiston davlat konservatoriyasining milliy cholg‘ular ishlab chiqarish eksperemental labaratoriyasi faoliyati hamda u yerdagi cholg‘u namunalari bilan yaqindan tanishar ekan, chang cholg‘usi ularda katta qiziqish uyg‘otdi. Mehmonlar chang cholg‘usiga o‘xshash bo‘lgan yapon xalqining milliy sozi – koto cholg‘usini sovg‘a qilishdi hamda faxrli mehmonlar kitobiga o‘z fikr va tilaklarini yozib qoldirishdi.

Shundan so‘ng, kunchiqar yurtdan tashrif buyurgan mehmonlar Xaruka Tachibana, Kyooko Ivamoto konservatoriyada “Xalq cholg‘ularida ijrochilik” yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlarga koto cholg‘usida kuy ijro etish bo‘yicha mahorat darslari o‘tishdi. Mehmonlar ushbu cholg‘u sozi Yaponiyada 3 yoshdan boshlab o‘rgatilishini aytib, agar konservatoriyada tahsil olayotgan talaba-yoshlar bu sozni yaxshi o‘zlashtirishsa, ularni Yaponiya sahnalariga takilif etishini aytib o‘tdi. Yapon milliy kiyimlari va sozida kuy ijro etib ko‘rgan talaba-yoshlar bu soz haqida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.

Mehmonlarga O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rahbariyati nomidan estalik sovg‘alari topshirildi. Mehmonlar ham yapon xalq kuylaridan namunalar yozilgan disklar to‘lami hamda adabiyotlarni taqdim etdishdi. Shuningdek, mehmonlar O‘zbekiston davlat konservatoriyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik qilish istagini bildirishib, bu borada o‘zaro kelishib olishdi.

Share