O‘zbekiston kompozitorlarining eng yangi asarlari Omnibus ansambli tomonidan ijro etildi

O‘zbekiston kompozitorlarining eng yangi asarlari Omnibus ansambli tomonidan ijro etildi

2018 yilning 22 fevral kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Organ zali”da O‘zbekiston kompozitorlarining eng yangi asarlaridan tuzilgan konsert yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi. Musiqiy asarlar “Omnibus ansambli” tomonidan ijro etildi.

Rang-barang g‘oyaviy-badiiy yo‘nalishda aks etgan asarlar kompozitsion-texnik xususiyatiga ko‘ra yangi ifoda vositalarini o‘zida aks ettirgani bilan mutaxassis tomoshabinlarning e’tiborini o‘ziga tortdi. O.Abdullaeva Sh.Sobirovlarning asarlarida milliylik g‘oyasi ilgari surilgan bo‘lsa, A.Kim, J.Shukurov, N.Erkaevning asarlarida milliy xususiyatning zamonaviy kompozitsion texnik usullar bilan uyg‘unligiga erishuv jarayoni ko‘zga tashlandi. X.Hasanova, A.Varelas qalamiga mansub asarlar ertak mavzusining musiqadagi ifodasini aks ettirsa, kompozitor otaxon F.Yanov-Yanovskiyning asari chuqur falsafiy ruhni ifoda etgani bilan tomoshabinlar e’tibor markazidan joy egalladi.

Ushbu konsert O‘zbekiston davlat konservatoriyasining “Bastakorlik va cholg‘ulashtirish” kafedrasi hamda “Omnibus ansambli” o‘rtasida tuzilgan innovatsion hamkorlikning natijasidir. Shuni ta’kidlash joizki, “Omnibus ansambli” bilan bo‘lgan ijodiy hamkorlik kompozitorlar uchun o‘ziga xos malaka oshishi jihatidan ahamiyatga ega. Negaki, har bir asarni yaratishdan avval kompozitorlar “Omnibus ansambli” berayotgan yangi ijodiy ma’lumotlar, jahon musiqa maydonida yuz berayotgan yangi tendentsiyalar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bundan tashqari, tayyor bo‘lgan ijodiy asarlar “Omnibus ansambli” repetitsiyalari jarayonida yanada sayqallanadi va betakror talqinda o‘z ifodasini topadi.

Har yilgi an’anaga aylanib ulgurgan ushbu ijodiy tadbir har safar o‘zining mazmun-mohiyati hamda vujudga kelgan ijodiy mahsulotning salmog‘iga ko‘ra o‘zbek kompozitorlik ijodiyotining rivojiga ma’lum darajada hissa qo‘shib kelmoqda.

FOTO LAVHALAR:

 

Share