OYIMXON SHOMUROTOVA tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan XOTIRA KONSERTI

OYIMXON SHOMUROTOVA tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan XOTIRA KONSERTI

2017 yilning 19-dekabr kuni O‘zbekiston davlat konservatoriyasining katta zalida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi, el ardoqlagan san’atkor, atoqli teatr arbobi, aktrisa, taniqli xonanda Oyimxon Shomurotova tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan xotira konserti bo‘lib o‘tdi. Kechani O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi rektori Baxtiyor Sayfullaev ochib berdi. So‘ngra O.Shomurotova haqida taniqli musiqashunos olimlar, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor Otanazar Matyoqubov, san’atshunoslik fanlari doktori, professor Rustam Abdullaevlar batafsil ma’lumot berishdi.

Xotira konsertida asosan O.Shomurotova ijro etgan musiqali dramalardan ariyalar, xalq qo‘shiqlari, kompozitorlarning romans va qo‘shiqlari bugungi kunda respublikamizning eng ko‘zga ko‘ringan xonandalari ijrosida yangradi. Jumladan, A.Navoiy nomidagi davlat akademik katta opera va balet teatri xonandalari, O‘zbekiston xalq artisti Normumin Sultonov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Ma’suma Boltaboeva, Nihil mukofoti sovrindori Gulnar Aljanovalar. Shuningdek, kontsertda Berdax nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat akademik musiqali teatri vokal artistlari, O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Qozog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan artist Roza Qutekeeva, Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Nihol mukofoti sovrindori Sarvinaz Annaqulovalar ham ishtirok etishdi.

Mazkur kechada O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchieva, O‘zbekiston xalq xofizi Erkin Ro‘zmatov, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Matrasul Matyoqubov, Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi Mohichehra Shomurodovalarning ishtirok etishlari kontsertga alohida zavq bag‘ishladi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi qoshidagi Musiqali teatr studiyasi orkestri jo‘r bo‘lgan (dirijyor – Qoraqalpog‘iston xalq artisti Aida Abdullaeva) mazkur Xotira konserti tinglovchilar tomonidan juda yaxshi qabul qilindi.

FOTO LAVHALAR:

Share