RUSTAMBEK SAMIG‘OVICH ABDULLAYEV ijodiga bag‘ishlangan “Davra suhbati” bo‘lib o‘tdi

O‘zbekiston davlat konservatoriyasining

“Ma’naviyat”  xonasida

13 dekabr soat 11:00 da musiqashunos, san’atshunoslik fanlari doktori, professor

RUSTAMBEK SAMIG‘OVICH ABDULLAYEV

ijodiga bag‘ishlangan “Davra suhbati” bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni O‘quv ishlari bo‘yicha birinchi prorektor Avaz Mansurov, O‘zbekiston Kompozitorlari va Bastakorlari uyushmasi raisi Rustam Abdullaev, professor Ahmadjon Jabborov va Respublikamiz san’at ahli, olimlar tabriklashdi.

Umuman olganda musiqa hayotimizni go‘zal ohanglar bilan bezab, o‘zining sirli tarovati bilan moziydan sado beruvchi, ishq-muhabbatni aks ettiruvchi, ulug‘vorlikni, hijronu sog‘inchni eslatuvchi, hayotga, ijodga chorlovchi mo‘jizadir. Uni tinglash insonga har tomonlama madad bersa, uni kuylash betakror zavq beradi. Uni tadqiq etish esa, avvalo, mashaqqatini namoyon etsa, pirovardida kelajak uchun saboq manbai, tarix va  musiqani anglash uchun dasturi amal, ya’ni ijod namunalarini qoldiradi. Musiqa tadqiqotida  samarali faoliyat olib borib, munosib shogirdlar va arziguli ijod  qilib kelayotgan musiqashunos olimlarimiz orasida Abdullaev Rustam Samig‘ovichning nomi alohida o‘z  o‘rniga egadir.

Rustam Samig‘ovich Abdullaev o‘zbek xalq musiqa ijodiyotining barcha yo‘nalishlarida yarim asrdan ko‘proq davr mobaynida samarali faoliyat olib borayotgan o‘zbek musiqashunos olimlaridan biridir. U butun umri davomida o‘zbek xalq musiqa folklori va o‘zbek mumtoz musiqa merosini ilmiy-nazariy o‘rganish bo‘yicha yirik tadqiqotlar olib borayotgan, musiqa ta’limoti va targ‘iboti yo‘nalishlarida fidokorona faoliyat olib borayotgan respublikamizning yetakchi olimlaridan hisoblanadi.

Ziyoli oilada tug‘ilib tarbiya topgan Rustam Samig‘ovich, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida musiqashunoslik ixtisosligi bo‘yicha ta’lim oladi. O‘zbek musiqasini tadqiq etish yo‘lini tanlab, bu borada o‘zining ilk tadqiqotini Farg‘ona vodiysi Katta ashula janrini ilmiy-nazariy o‘rganishiga bag‘ishlaydi va nomzodlik dissertatsiyasi ko‘rinishida himoya qiladi. Ko‘p yillar davomida San’atshunoslik ilmiy tadqiqot institutida izlanishlar olib boradi. O‘zbek musiqiy folklori yo‘nalishi bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini yozadi.

Musiqashunos olimning faoliyat doirasi juda kengligini e’tirof etish lozimdir. Bunda biz olim, pedagog, ustoz, tashkilotchi va targ‘ibotchi sifatida olib borgan faoliyatining naqadar ulkanligini e’tirof etishimiz lozim. Buni shu davr davomida o‘tkazilgan har qanday musiqiy ilmiy-amaliy anjumanlarda va o‘zbek musiqasining ta’limi va targ‘ibotida aksini ko‘rishimiz mumkin. Ayniqsa, uning yillar davomida O‘zbekistonning barcha vohalari bo‘ylab xalkimiz musiqiy madaniyatining lokal xususiyatlarini o‘rganish maqsadida o‘tkazgan musiqiy folklor ekspeditsiyalari alohida e’tiborga loyiqdir. Shu bilan birga, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida olib borayotgan ko‘p yillik pedagogik faoliyati, uning o‘ziga xos ustoz-shogird an’analarini munosib davom ettirayotganligini ko‘rsatadi.

Faoliyati davomida o‘ndan ortiq ilmiy-tadqiqot ishlari, monografiya va o‘quv adabiyotlarini yaratib kelayotgan ilmiy merosi tarkibidan “Markaziy Osiyo marosim musiqasi”, “Boysun” an’anaviy musiqa madaniyati, “Marosim va musiqa O‘zbekiston va Markaziy Osiyo madaniyati kesimida” kabi monografiyalar, “An’anaviy o‘zbek musiqa asoslari” darsligi (o‘zbekva rus tillarida) va yuzdan ortiq ilmiy maqolalar o‘rin olgan.

Olimning Respublikamizning xalq musiqasi rivoji yo‘lida olib borayotgan tashkilotchilik va targ‘ibotchilik faoliyati alohida ahamiyatga loyiqdir. Chunki u yillar davomida musiqa simpoziumlari, Boysun Xalqaro ochiq festivali, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Xalq ijodiyotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov va festivallar kabi anjumanlarda u doim faol tashkilotchi rahbar, ishtirokchi va rahnamo ustoz sifatida fidokorona xizmat qilib kelmoqda. Uning Respublikamizning ilmiy salohiyatini rivojlantirish yo‘lida olib borgan faoliyati esa, bir qator yosh olimlarni tarbiyalash bilan bog‘liqdir. Bu borada ham uning samarali faoliyatini qayd etish lozimdir.

Shu kunlarda musiqashunos olim Rustam Samig‘ovich Abdullaev 70 yoshni qarshi oladi. Bu yosh uning eng kuchga to‘lgan va g‘ayrati qaynagan davr desak adashmaymiz. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi jamoasi, musiqa jamoatchiligi nomidan, yetuk musiqashunos olim, zabardast ustoz, mehribon ota Rustam Samig‘ovich Abdullaevning tabarruk 70 yoshi bilan qutlaymiz. Uning kelgusi hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyatida ulkan yutuqlar tilaymiz.

FOTO LAVHALAR:

Share